Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Toshkent viloyatida 15 ta tuman va 7 ta shahar bor. Hudud qulay geografik makonda, voha va vodiy viloyatlarini poytaxtimiz bilan bog‘laydigan muhim transport yo‘lagida joylashgan.

Lekin viloyatning iqtisodiy rivoji mavjud salohiyatga umuman mos emas. Na savdo, na yer-suv, na transport-tranzit imkoniyatlaridan to‘la foydalanilayapti. Ba’zi ko‘rsatkichlar bunday qulayliklar bo‘lmagan ayrim chekka hududlardagidan ham past.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Poytaxtimiz jadal rivojlanayotgani holda uning yonidagi viloyat hududlari bu sur’atdan ortda qolmoqda. Masalan, Toshkent, Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlarida sanoat hajmi yondosh poytaxt tumanlariga nisbatan bir necha barobar kam. Qurilish sohasida ham shu ahvol.

Bir qator kichik tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatgan. 29 ta yirik korxonada hamda Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ishlab chiqarish kamaygan. Viloyatda ekin yerlari ko‘p bo‘la turib, Andijon bilan deyarli bir xil hajmda mahsulot yetishtirilgan.

Hududlarning bor salohiyati daromadga aylanmayapti. Sababi «o‘sish nuqtalari»ni topish va ishga solish bo‘yicha hokimlarda tashabbus yetishmayapti. Ayrim hokimlar hatto o‘z hududida «pastga tushmagan», tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga harakat qilmagan.

Yig‘ilishda viloyatdagi shahar va tumanlar mutasaddilari o‘z faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Davlatimiz tomonidan ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hamma tumanlarda ham rivojlanish bir xil emas. Xususan, Parkent, Yangiyo‘l, Chinoz va Oqqo‘rg‘on tumanlarida turizm, tranzit va iqtisodiy qulayliklar ko‘p bo‘lsa-da, taraqqiyotdan orqada. Shu bois, Prezident topshirig‘iga muvofiq, ulardagi haqiqiy holat, imkoniyatlar va tadbirkorlarning takliflari o‘rganildi.

Yig‘ilishda shu boradagi tahlillar, mazkur tumanlarning «o‘sish nuqtalari» taqdimot qilindi.

Jumladan, Parkent tumanining xushmanzara joylariga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash, mikroavtobuslar qatnovini tashkil etish, yo‘l bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish uchun tadbirkorlarga yer ajratish taklif etilmoqda. Parkentsoy, Qizilsoy va Chovlisoyning muhofaza hududini aniq belgilash va qirg‘oqlarini mustahkamlash orqali bo‘shaydigan yerlardan samarali foydalanish ham mumkin.

Yangiyo‘l tumanida «loyiha qilaman, investitsiya olib kelaman», degan tadbirkorlar juda ko‘p. Lekin loyihalar uchun yer topish muammo. Shu bois hozirda bo‘sh turgan inshootda oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlariga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Chinoz tumanida savdo-ko‘ngilochar majmua va zamonaviy baliq bozori barpo etish, yo‘l bo‘yida savdo va xizmatlarni kengaytirish, xonadonlarda issiqxonalarni ko‘paytirish kabi imkoniyatlar hisob-kitob qilingan.

Oqqo‘rg‘onda sanoat rivojlanmagani sababli ko‘plab xotin-qizlar Toshkent shahri va boshqa tumanlarga qatnab, to‘qimachilik korxonalarida ishlamoqda. Shunday korxonalarni tumandagi bo‘sh binolar o‘rnida tashkil qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari tumanlar iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rsatib o‘tdi. Mutasaddilarga viloyatning barcha hududlarini shunday tahlil qilib, qo‘shimcha «o‘sish nuqtalari»ni aniqlash, daromad manbalarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Bu borada bir qator rejalar ham bor. Xususan, Ohangaron tumanida O‘zbekiston – Vengriya sanoat zonasi tashkil etilib, 100 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi. Angren erkin iqtisodiy zonasida maishiy texnika, metall prokat, meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha 400 million dollarlik, «Eltex industrial» texnoparkida 260 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilib, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilgani, bu Toshkent viloyati uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.

O‘zini o‘zi band qilgan insonlarning kichik biznesga o‘tishi, faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning ishini yana tiklashiga ko‘maklashiladi. Tomorqalarda Chinoz tajribasi bo‘yicha ixcham issiqxonalar, kooperatsiya asosida mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi.

Shuningdek, joriy yilda mahalliy va xorijiy turistlar sonini 5 millionga, turizmda eksportni kamida 300 million dollarga yetkazish choralari bo‘yicha fikr almashildi.

Xotin-qizlar va yoshlarni kasbga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring