Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qohir Rasulzoda Shavkat Mirziyoyevga Emomali Rahmonning salomini yetkazdi

Qohir Rasulzoda Shavkat Mirziyoyevga Emomali Rahmonning salomini yetkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

14-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va qat’iy sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlikda erishilgan hozirgi yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Qohir Rasulzoda O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda savdo, mashinasozlik, energetika, qazib olish sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, transport, turizm va sog‘liqni saqlash sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlar hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari davom ettiriladi.

Tojikiston Bosh vaziri ikki davlat rahbarlarining bo‘lajak sammitiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishga, shuningdek, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlashga bor kuch-g‘ayratini qaratishini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring