Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi.

Qadrli vatandoshlar!

Muhtaram dehqon va fermerlar!

Avvalo, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.

O‘z ishining mohir ustasi bo‘lgan siz, azizlarning fidokorona mehnatingiz samarasini har kuni o‘z dasturxonida ko‘radigan xalqimiz bu yilgi mavsum qanday og‘ir va murakkab kechganini yaxshi biladi. Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari – bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va bo‘ronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tug‘dirgani, kuzda esa yog‘in-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi. 

Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, yurtimiz bo‘yicha 6 million 124 ming tonna g‘alla, 2 million 300 ming tonna paxta, 8 million 661 ming tonna sabzavot, 2 million 411 ming tonna kartoshka, 1 million 607 ming tonna poliz mahsulotlari, 2 million 100 ming tonnaga yaqin meva, 1 million 314 ming tonna uzum, 18 ming tonna pilla, 1 million 789 tonna go‘sht, 7 million 830 ming tonna sut tayyorlashga erishganingiz tahsinga loyiq. Muxtasar aytganda, jami bo‘lib 58 trillion 181 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirganingiz yil davomida qilgan mardona mehnatingiz mahsulidir.

Joriy mavsum oxirlab, yil natijalari sarhisob qilinayotgan mana shu qutlug‘ ayyomda sizlarga, barcha qishloq ahliga ana shunday olijanob mehnatingiz uchun o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan katta rahmatlar aytib, chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Sizlarga yaxshi ma’lumki, yurtimizda keyingi ikki yilda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham muhim dasturlar, “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, dehqon va fermerlar, dala ishchilari mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish maqsadida davlat ehtiyoji uchun xarid qilinadigan paxta va g‘allani moliyalashtirish tartibi o‘zgartirilgani, O‘zbekiston tarixida birinchi marta fermerlar o‘z mablag‘larini mustaqil sarflash huquqiga ega bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Bu yilgi mavsumda g‘alla yetishtiradigan fermerlarga 1 trillion 33 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 142 foiz, paxtachilik xo‘jaliklariga esa 5 trillion 138 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,4 marta ko‘p imtiyozli kreditlar ajratilgani soha rivojiga yuksak e’tibor namunasidir.

Ushbu tarmoqqa bozor mexanizmlari, xo‘jalik yuritishning agroklaster tizimi joriy etilayotgani, ilgari e’tiborimizdan chetda bo‘lib kelgan zamonaviy issiqxonalar, baliqchilik, asalarichilik, qizilmiya, za’faron, qalampir, sarimsoqpiyoz, to‘qsonbosti usulida sabzavot yetishtirish, parrandachilik, yilqichilik, tomorqa xo‘jaliklari kabi yo‘nalishlar jadal rivojlanayotgani tub tarkibiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Bularning barchasi  qishloq xo‘jaligini mahalliy va chet ellik investorlar uchun tobora jozibali, istiqbolli tarmoqqa aylantirmoqda.

Ayni vaqtda qishloqlarimiz qiyofasini tubdan yangilash, ularni obod qilish, qishloq ahli uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha ham ko‘p ish qilinmoqda. Jumladan, arzon uy-joylar dasturi doirasida bu yil qishloqlarimizda 28 mingta uy-joy barpo etilib, o‘z egalariga topshirildi. Bunday uy-joylar uchun dastlabki to‘lov miqdori 25 foizdan 15 foizga, kam ta’minlangan oilalar uchun esa 10 foizga tushirildi.

Bu yil “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 ta tumandagi 416 ta qishloqda katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Natijada 2 millionga yaqin aholimiz uchun yangi uy-joylar, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari, ravon yo‘llar, maktab va bog‘chalar, shifo maskanlari, madaniyat va sport inshootlari, bir so‘z bilan aytganda, munosib hayot sharoitlari yaratilgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi va kelgusida bu ishlarni yanada katta ko‘lam va keng miqyosda davom ettirishga ruhlantiradi. 

Qadrli yurtdoshlar!

Hammamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi paytda oldimizda hal qilishimiz lozim bo‘lgan g‘oyat muhim vazifalar turibdi. Avvalo, joriy mavsumning achchiq tajribasidan kelib chiqib, yuqori samara bermayotgan paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirishni izchil davom ettirish zarur.

Paxta va g‘alladan bo‘shagan maydonlarda eksportbop, ichki va tashqi bozorda talab katta bo‘lgan ekinlar ekish, boshqacha aytganda, har bir xo‘jalik va tumanning ixtisoslashuvini qayta ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilishimiz, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, tomorqa maydonlari samarasini oshirishga qaratilgan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak.

Qishloq xo‘jaligida chidamli, ertapishar, serhosil ekin navlarini yaratish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, eng katta boylik bo‘lgan yer va suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, urug‘chilikni rivojlantirish e’tiborimiz markazida turishi lozim.

Kelgusi yilda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Davlat budjetidan qariyb 1,7 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 84 million dollar miqdoridagi mablag‘ini yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, suv omborlari tarmog‘ini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni o‘zlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Buning uchun Toshkent viloyatida jami 45 million kub metr suv yig‘iladigan “Parkentsoy”, “Qizilsoy”, “Toshtepa”, Jizzax viloyatining Forish tumanida “Karaman”, Qashqadaryo viloyatida “Guldara”, “Ayaqchisoy”, Samarqand viloyatida “Bulung‘ur” suv omborlari barpo etiladi.

Kelgusi ikki yilda esa 1 million 200 ming gektar yerning suv ta’minoti barqarorlashtiriladi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.

Biz uchun o‘ta muhim vazifa – qishloq xo‘jaligi uchun yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishimiz lozim. Bu borada xorijdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan birga qo‘shma fakultetlar tashkil etish, yaqinda ish boshlagan “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali agro soha mutaxassislarini, yosh kadrlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarda o‘qitishga alohida ahamiyat berishni zamonning o‘zi talab etmoqda.

Kelgusi yili qishloq xo‘jaligida 1 milliard 870 million AQSh dollari hajmidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish mo‘ljallanayotgani bu sohadagi ishlarimizning hajmi ham, mas’uliyati ham naqadar yuksak ekanidan dalolat beradi.

O‘z oldimizga qo‘ygan ulkan vazifalarni ado etish, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsad yo‘lida hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, O‘zbekistonning barcha qishloq xo‘jalik xodimlari bor bilim va tajribalarini, kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarini safarbar etib, o‘zlarini ayamasdan mehnat qiladilar, deb ishonaman.

Aziz do‘stlarim, vatandoshlarim!

Sizlarni yana bir bor Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizga yangi-yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping!

Kirib kelayotgan yangi – 2019 yilda hosilimiz yanada mo‘l bo‘lsin!

Qabul qilayotgan barcha reja va dasturlarimiz ijobat bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring