Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan tor doiradagi yig‘ilishda nimalar deyildi?

Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan tor doiradagi yig‘ilishda nimalar deyildi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 1-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan tor doiradagi yig‘ilish o‘tkazilishi haqida xabar bergandik.

Prezident matbuot xizmati yig‘ilish tafsilotlarini ochiqladi.

Yig‘ilishda shu yilning 18 mart kuni Prezident tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda aytilgan muammo va takliflar asosida, zamonaviy davolash amaliyotlarini tatbiq qilish, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, soha xodimlarining oylik maoshlarini oshirish kabi ko‘plab vazifalar ijrosi tilga olindi.

Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon joylarda 85 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ochilishi natijasida 700 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmatlar yaqinlashgan. Hududlarda xirurgiya yo‘nalishida qo‘shimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada 14 turdagi yuqori texnologik amaliyot joriy qilingan.

O‘tgan oylarda Davlat sug‘urta jamg‘armasidan 25 ming nafardan ziyod ehtiyojmand aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Farg‘onada 87 ming aholi manzilli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bugundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 30 foizgacha oshirildi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda galdagi vazifalar ham muhokama qilindi.

«Inson qadri tamoyilini inobatga olib, oxirgi yillarda tibbiyot sohasida ham ko‘p farmon va qarorlar qabul qildik. Global sinovlarga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining oyliklarini ko‘tarish choralarini ko‘rdik. Hamma joyda, eng chekka qishloqda ham tizim namoyon bo‘lishi kerak. Har bir fuqaroning sog‘lig‘i nazoratda bo‘lishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda mutasaddilar sohada boshqaruv va moddiy sharoitlarni yaxshilash, davolash protokollarini o‘zgartirish, tibbiy sug‘urta tizimini kengaytirish, tibbiy ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi.

Avvalo, birlamchi bo‘g‘inga e’tibor qaratilib, joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarni ishga tushirish, mingta mahallada tibbiy punktlar tashkil qilish, aholini manzilli skriningdan o‘tkazish vazifalari belgilandi. Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi. 

Hududiy shifoxonalarda yuqori texnologik amaliyotlar turini 250 taga yetkazish, buning uchun ulardagi tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, yangi imtiyozli davolash tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz sohani raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Avval berilgan topshiriqqa ko‘ra, tibbiyot muassasalarining bu boradagi infratuzilmasi yangilanmoqda. Hududlardagi shifoxonalar kompyuterlar bilan ta’minlanib, lokal tarmoqqa ulanmoqda. Xalqaro standartlar asosida yagona klassifikator, reyestr va ma’lumot almashinuvi dasturi ishlab chiqilmoqda.

Yig‘ilishda sog‘liqni saqlashning barcha bo‘g‘inlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirib, o‘zaro bog‘lash, muassasalarni zamonaviy jihozlash, pullik xizmatlar hajmi va turlarini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu yil 25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 191 ta tuman va shahar markaziy shifoxonasida bolalar reanimatsiya bo‘limlari, 208 ta ko‘p tarmoqli poliklinika hamda Toshkent shahridagi 71 ta oilaviy poliklinikada bolalar bo‘limlari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bunday bo‘limlarni qolgan tumanlarda ham ochish, shu bilan birga, Akusherlik va ginekologiya, Aholi reproduktiv salomatligi hamda Skrining markazlari faoliyatini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Sanitariya-epidemiologiya tizimini transformatsiya qilish, sanitariya qoidalari va standartlarini yangilash, yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining har bir o‘rinbosariga o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring