Shavkat Mirziyoyev: «Odamlarimiz faqat mashinada yurmasdan, ko‘proq velosiped haydasa, yuragi baquvvat bo‘ladi»
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkent viloyatida joriy yilda 622 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Quyichirchiq tumanida velosiped ishlab chiqarish loyihasi ulardan biridir. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ushbu korxonaga 80 million dollar investitsiya yo‘naltirish, 260 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev bu loyihaga alohida e’tibor qaratdi. Velosiped ishlab chiqarishni ko‘paytirib, yo‘l bo‘ylarida yo‘lakchalar tashkil etib, velosipedda yurishni ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
«Bu sog‘lik degani. Odamlarimiz faqat mashinalarda yurmasdan, ko‘proq velosiped haydasa, yuragi baquvvat bo‘ladi, umri uzayadi. Shuning uchun bu korxonani ishga tushirishni tezlashtirish kerak» — dedi Prezident.
Korxona qurilishi joriy yil oktyabrda boshlanadi.
Davlatimiz rahbari sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm sohalariga oid loyihalar bo‘yicha ham mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter