Shavkat Mirziyoyev: «Koronavirus pandemiyasi 10 yil davom etishi taxmin qilinmoqda»
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektorda O‘zbekistondagi epidemiologik holat murakkablashganiga to‘xtalib, vaksinatsiyani jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.
«Men jahonning yetakchi olimlari tadqiqotlari bilan qiziqdim: koronavirus pandemiyasi 10 yil davom etishi taxmin qilinmoqda. Biz endi bu virus bilan yashashni o‘rganishimiz zarur.
Afsuski, kasallik tarqalishi yana kuchayib ketdi. Vaziyat murakkab, bunday vaziyatda esa asosiy chora — vaksinatsiyani kuchaytirish. 3 mln doza Moderna vaksinasini 4 avgustda emas, ertaroq olib kelyapmiz. O‘zimizda «Sputnik» vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.
Endi faol emlanish zarur. Meni hayron qoldirayotgani ziyoli odamlar ham vaksina olishdan qaytarishyapti. Xalqimiz salomatligini saqlash uchun barcha choralarni ko‘ramiz», — dedi Prezident.
Davlat rahbari hukumat har bir fuqaro hayoti uchun kurashishda va buning uchun zarur vositalarni yo‘naltirishda davom etishini ta’kidlab, fuqarolar o‘z hayotlari va salomatliklari uchun mas’ul ekanliklarini yana bir bor eslatib o‘tgan.
«Vaksina olganlar shifoxonadan to‘rt kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti. Ha, vaksina olgandan keyin kasallanish mumkin, lekin kasallik yengil formada kechyapti», — deya qayd etgan davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi orqali ajratilgan Moderna vaksinasining 3 million dozasi 29-iyul kuni maxsus reys bilan O‘zbekistonga yetkazilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter