Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

O‘z ajdodlari, fidoyilarini e’zozlagan xalq hamisha hurmatga sazovor. Afsuski, tariximizda millat yetakchilarining tirikligida ulug‘lanib, dunyodan o‘tganidan so‘ng qoralangan holatlari ham bo‘lgan. Bu ko‘p jihatdan keyingi avlodlarning vijdoni va mardligiga bog‘liq.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgan birinchi kundan Islom Karimovning ezgu ishlari davom ettirilishini aytgan edi, uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qildi, maqbarasi barpo etildi. Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash an’anaga aylandi.

«Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni qancha e’zozlasak, xalqimizga, yoshlarimizga ma’naviyat yetkazgan bo‘lamiz», degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Bugungi tadbir ham shuning bir ifodasi bo‘ldi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Islom Karimovning xalqimiz manfaati yo‘lida qilgan ishlari, mardlik, odillik, kamtarinlik hislatlari yodga olindi.

Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.

Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring