Shavkat Mirziyoyev g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ko‘zdan kechirdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘shtepa tumaniga borib, g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ko‘zdan kechirdi.
Markaziy Farg‘ona yerlarida dehqonchilik qilish – mashaqqat. Ayniqsa, Qo‘shtepa tumanining qariyb 70 foiz hududi unumdorligi past yerlar. Shu sababli qishloq xo‘jaligida ko‘zlangan natijalarga erishilmas edi.
Davlatimiz rahbari 2019-yilda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida bunday maydonlarda tomchilatib sug‘orishni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Bugungi kunda «Fergana Global textile» paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan Isroilning «Netafim» kompaniyasi bilan hamkorlikda shunday loyiha amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda 215 gektar yerda tomchilatib sug‘orish joriy etildi. Buning uchun 17 ming kub metr sig‘imga ega sun’iy hovuz qurilib, 3 ta tik quduq qazildi. 520 ming dollarlik zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Mazkur texnologiya yordamida bir vaqtning o‘zida 60 gektar paxta maydonini sug‘orish mumkin.
Samaradorlik yaxshi bo‘lmoqda. Masalan, suv, o‘g‘it va yoqilg‘i sarfi ikki baravar, mexanizatsiya jarayoni to‘qqiz martaga kamaygan. Bu tizimni samarali ishlatish uchun 10 nafar yosh agronom o‘qitilgan.
Prezident tomchilatib sug‘orish jarayonini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar bilan muloqot qildi.
– Bu hududning tuprog‘i qumloq, suv doim tanqis. Lekin avvallari bu yerda ham boshqa joylar bilan bir xil ish uslubi bo‘lgan. Shuning uchun tumanda qishloq xo‘jaligi rentabel emasdi. Masalan, paxtadan 10-12 sentner hosil olinar edi. Mana, bu yil 45 sentner bo‘lishi kutilayapti ekan. Bular – ilm bilan yondashish samarasi. Qilsa bo‘lar ekan-ku, – dedi Prezident.
Loyihaning ikkinchi bosqichida 1 ming 200 gektar maydonda tomchilatib sug‘orishni joriy etish belgilangan. Mutaxassislar fikricha, ushbu texnologiya ikki mavsumda xarajatlarini to‘liq qoplaydi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter