Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Bunaqa imkoniyat O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan. Lekin...»

Shavkat Mirziyoyev: «Bunaqa imkoniyat O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan. Lekin...»

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-mart kuni «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2018-yildagi farmonlari bilan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari qabul qilingan edi. Ushbu dasturlar doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi. Lekin o‘tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli bu boradagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Bugungi kunda yurtimizda sharoiti og‘ir bo‘lgan 796 ta qishloq va shaharlarda 188 ta mahalla mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning elektr ta’minoti qoniqarsiz ahvolda.

Qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati o‘zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yil «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Aholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yo‘l, elektr ta’minoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas’ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda ish o‘rinlari tashkil etish, aholini kambag‘allikdan chiqarish masalalari ham ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda shu boradagi amaliy ishlar muhokama qilindi. Bu yil mazkur dasturlar doirasidagi ishlarga jami 21 trillion so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.

– Og‘ir inqirozdan chiqqan yilimiz, tashqi qarz jalb etmasdan, shuncha mablag‘ ajratayapmiz. Bunaqa imkoniyat O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan. Lekin bu pulni loyiha bilan, halol-pok ishlatib, elga munosib sharoit yaratish kerak, – dedi Prezident.

Ta’kidlanganidek, bundan buyon «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilaydi. Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zarur mablag‘lar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma ob’yektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi. Qurilish vazirligi hokimliklar bilan birga ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Shu tartib asosida, joriy yilgi dasturga kiritiladigan mahalla va qishloqlar, ularda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid masalalar o‘tgan haftada barcha tuman va shahar kengashlarida belgilab olindi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklariga o‘n kun muddatda dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda qurilish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ularda ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yo‘llar, ijtimoiy ob’yektlar qurish hamda ta’mirlash uchun 3 trillion 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, 2 ming 721 ta mahalladagi 10 ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni ta’mirlashga 2 trillion so‘m, 500 ta mahallaga 4 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmog‘i tortish uchun 1 trillion so‘m ajratiladi.

Elektr ta’minotini yaxshilash dolzarb ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shu bois, 5 ming 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorni yangilash belgilanmoqda. Bu yurtimizdagi mahallalarning 60 foizi demakdir. Ushbu chora-tadbirlarga qariyb 2 trillion 100 milliard so‘m yo‘naltirilishi aytildi.

Bundan tashqari, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan birga, «qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasi doirasida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 21 ta tuman, 60 ta qishloqda 485 milliard so‘mlik loyihalar boshlanadi.

Mutasaddilarga mablag‘lardan samarali foydalanib, belgilangan barcha ishlarni 1-noyabrga qadar yakunlash vazifasi qo‘yildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ichki yo‘llar, yo‘laklar, ijtimoiy ob’yektlar va ko‘p qavatli uy-joylarning ekspluatatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda aholi bandligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 – «Obod qishloq» va «Obod mahalla» deganda, nafaqat ularning yo‘li yoki qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerda yashovchi aholining daromadi ko‘payishi, ijtimoiy ob’yektlar to‘liq ishlashi kerak. Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada «temir daftar», «ayollar» va «yoshlar» daftarlari bo‘lmasligi lozim. Buning uchun, tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ishlab chiqarishlarni tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish zarur. Sarflangan har bir so‘m investitsiya odamlarimizga uch baravar ko‘p foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishga xizmat qilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois tadbirkorlik va bandlik dasturlarini mahallaga bog‘lab, 500 ming nafar yoshlar va 200 ming ayollarni ish bilan ta’minlash, «temir daftar»ga kiritilgan 300 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilib qo‘yildi.

Buning uchun joriy yilda «Oilaviy tadbirkorlik» dasturlari uchun 9 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi, shuningdek, 1 trillion so‘m mablag‘ evaziga 128 ta mahallada kichik sanoat zonalari tashkil etilishi aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, Savdo-sanoat palatasi raisi va Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib, muammolarini hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Dasturlarda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish chora-tadbirlari ham belgilangan. Xususan, «Obod qishloq» dasturi doirasida 379 ta maktab, 171 ta maktabgacha ta’lim va 161 ta tibbiyot muassasasini, «Obod mahalla» dasturi doirasida 57 ta maktab, 37 ta bog‘cha va 15 ta tibbiyot maskanini qurish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga kirgan aholi punktlarining «tibbiy xaritasi»ni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Sektor rahbarlari o‘z hududida bajarilayotgan ishlar bo‘yicha mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi zarurligi aytildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring