Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Bolalar bog‘chada deyarli baliq yemayapti»

Shavkat Mirziyoyev: «Bolalar bog‘chada deyarli baliq yemayapti»

Foto: «President.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 14-fevral kuni maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

Moliya vazirligiga Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish, Jamg‘arma mablag‘larini nodavlat bolalar bog‘chalari uchun bino va inshootlarni xarid qilish, yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga imtiyozli stavkada kredit ajratishga yo‘naltirish topshirildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligiga davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalarni tashkil etish modellari, davlat va xususiy sherikning xuquqlari va majburiyatlari, bog‘chalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha nizom loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Hokimliklar va banklarga 2018-yilda tashkil etiladigan 3 mingdan ziyod xususiy bog‘chaning har biri bo‘yicha yer, bino va kredit ajratish, bog‘chalarni ishga tushirish muddatlari aniq belgilangan jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlatish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

— Hal etishimiz zarur bo‘lgan yana bir muhim muammo, — dedi davlatimiz rahbari, — bog‘chalarda bolalarni belgilangan me’yorlar asosida to‘g‘ri va sifatli ovqatlantirishni tashkil etishdir. Afsuski, bolalarga sut mahsulotlari va meva tasdiqlangan normadan kam miqdorda berilmoqda, baliq mahsulotlari esa deyarli berilmayapti.

Yig‘ilishda bu borada berilgan topshiriqlarga muvofiq, bolalarni sifatli ovqatlantirish, ko‘rpa, yostiq va choyshablarini belgilangan muddatlarda almashtirish, dori-darmon va yuvish vositalari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori yetarli ekani aniq hisob-kitob qilinadi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning joylardagi bo‘linmalari rahbarlari bog‘chalarda bolalarning belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etishga shaxsan mas’ul bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bog‘chalarda taomlarni tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish va saqlashda sanitariya normalari va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishini nazorat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring