Shavkat Mirziyoyev: Biz kecha raqobat qilgan bo‘lsak, endi bir musht bo‘lib, harakat qilishimiz kerak (foto)
2021-yil 25-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Shu munosabat bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi «Humo Arena» majmuasida tadbir o‘tkazdi. Unda partiya faollari va partiyaga xayrixoh insonlar qatnashdi.
Monitorlarda Markaziy saylov komissiyasining saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani onlayn tarzda namoyish etildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovda qatnashganlar umumiy sonining 80,1 foiz ovozi bilan g‘alaba qozongani e’lon qilindi. Tadbirga yig‘ilganlar bu xabarni xursandchilik va olqishlar bilan kutib oldi.
Bu ovozlar xalqimiz o‘z hayotida sezgan natijalar va kelajakka ishonch uchun berilgan, deyish mumkin. Chunki oxirgi besh yilda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida katta masshtabdagi ishlar qilindi. Yangilanish kirib bormagan birorta soha qolmadi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, hayot talab qilgan ma’muriy, huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi.
Shu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oshdi. Yalpi ichki mahsulotimiz 60 milliard dollarga yetdi. O‘rtacha oylik ish haqi 2,2 marta ko‘paydi.
Hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Yuzlab korxona va zavodlar, minglab yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ldi. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Amaliy natijadorlik, inson manfaati islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan dasturlar amalga oshirildi. Ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari, sport sohalarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratildi.
Bu ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz hayotini yangi bosqichga ko‘tarish uchun saylov arafasida Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqildi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda uning maqsad-mohiyati tushuntirildi va xalqimiz bunga ishondi.
Tadbirda Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, o‘ziga bildirilgan yuksak ishonch uchun xalqimizga minnatdorlik bildirdi.
– Shunday ulug‘ xalqning ishonchi men uchun katta baxt! Menga shuncha ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha partiyadoshlarimga, yoshlarga, aziz farzandlarimga, munis onalarim va nuroniy otalarimizga ta’zim qilib, rahmat aytaman. Bu ishonch menga kuch bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, ichki dunyom bilan sezamanki, bu juda katta mas’uliyat va javobgarlik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hozirgi tahlikali zamonda murakkab sinovlar ko‘p bo‘lgani, xalqimiz jipslashib, fidoyiligi va mehnatsevarligi bilan ulkan natijalarga erishayotgani qayd etildi.
– Oxirgi besh yilda qanday-qanday sinovlarni boshimizdan o‘tkazdik. Biz bu sinovlarda toblandik. Bir birimizga mehrimiz oshdi. Jipslashdik. Xalqimiz birlashsa, nimalarga qodirligini butun dunyo yana bir marta ko‘rdi, – dedi Prezident.
Bu yilgi saylov ilk bor Saylov kodeksi asosida, demokratik ruhda, ochiq-oshkora o‘tgani ta’kidlandi.
– Ko‘plab davlatlardan, katta xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar keldi. Ular xohlagan saylov uchastkasiga borib, yaratilgan sharoitlarni, odamlarimiz ertangi kunga befarq emasligini, saylovda faol qatnashganini, oilalari bilan kelib ovoz berganini ko‘rdi. Bu xalqimizning ruhiyati, kayfiyati, siyosiy madaniyatidan dalolat. Joylardagi uchrashuvlarda odamlar har bir soha bo‘yicha, o‘z shahri yoki tumani bo‘yicha dolzarb takliflarni bildirayapti. Tanqidlar ham bo‘layapti. Bu ham hayotimiz o‘zgargani, demokratik islohotlar natijasi. Yana bir marta aytmoqchiman: orqaga yo‘l yo‘q. Endi O‘zbekiston faqat olg‘a boradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari barcha xorijiy va mahalliy kuzatuvchilarga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, ommaviy axborot vositalari vakillariga rahmat aytdi.
Prezident saylovida boshqa siyosiy partiyalardan ilgari surilgan nomzodlarga ham minnatdorlik bildirdi.
– Ularning ham niyati – O‘zbekistonni rivojlantirish. Shuning uchun ularning dasturidagi xalqimizga ma’qul takliflarni albatta inobatga olamiz. Biz kecha raqobat qilgan bo‘lsak, endi bir musht bo‘lib, harakat qilishimiz kerak. Men xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, orzu-umidlarini ushaltirish, farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratim va salohiyatimni sarflashga va’da beraman. Yangi O‘zbekistonni hammamiz birgalikda quramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter