Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

« ...sharmandalarcha barcha sudda yutqazdi!» - taniqli bloger «parda mojarosi» haqida

« ...sharmandalarcha barcha sudda yutqazdi!»  - taniqli bloger «parda mojarosi» haqida

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi mashina orqa yon oynasiga parda taqish masalasiga qonuniy nuqta qo‘yildi. Oliy mahkamaga ko‘ra, mashinaning orqa yon oynasiga parda taqishni huquqbuzarlik emas! Ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish bo‘yicha esa Oliy sud matbuot xizmati  axborot axboroti ham ko‘p hayallamadi.

Taniqli bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev «parda masalasida» anchadan beri bahs yuritib keladi. Oliy suddan yoqimli xabarlar tarqalishi hamono u mavzuga yana bir qaytib, mulohazalari bilan o‘rtoqlashishga shoshildi...

Biz ham shuni kutib turgandik.

***

 ....Bugun bir guruh avtoblogerlar Oliy sud mashinaning orqa yon oynasiga parda taqishni huquqbuzarlik emas deb topgani haqida xabar berishdi. Haydovchi Botir Baxranov ancha avval unga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnoma ustidan shikoyat qilib sudlashgandi. Tuman sudida yutgach, Ichki ishlar organlari xodimlari bu qaror ustidan viloyatga shikoyat qilishdi. Viloyatda yutqazgach, Oliy sudga shikoyat qilishdi. Va mana Oliy sudda ham yutqazishdi.

Bu xabardan zarracha hayron bo‘lganim yo‘q. Chunki shundoq ham ko‘rga hassadek ko‘rinib turgan narsa edi, sudyalarimiz ana shunday qaror qabul qilishiga 99% ishongandim.

Parda bilan bog‘liq voqealar rivoji anchayin qiziqarli.

Dastlab orqa yon oynaga parda taqish qonunda taqiqlanmagani, bemalol taqib yurish mumkinligi haqida 1 yil oldin maqolam chiqqandi  va o‘shanda barcha yuridik jihatlarini tushuntirib berishga harakat qilgandim.

O‘tgan yildan buyon parda bo‘yicha ko‘plab haydovchilarimiz sudlashdi va g‘alaba qozonishdi. Jarimalarni qaytarib olishdi.

Sudlarda ketma-ket mag‘lubiyatga uchrashni boshlagach, mas’ullar nomardlik yo‘lini tanlashdi. Tonirovkaga oid jarima jazosini kuchaytirish bahonasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pardani taqiqlovchi qoidani kiritmoqchi bo‘lishdi. Imi-jimida xalqni ko‘zini shamg‘alat qilib, o‘tkazib olamiz deb o‘ylashgan shekilli. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda dod-voy qilganimizdan keyin, bu loyiha tasdiqlanmadi.

Shundan so‘ng IIVning yangi tayinlangan matbuot kotibi Shoxrux Giyasov pardaga taqiq - mantiqsiz qaror ekanligini ta’kidladi.

Ammo IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidagi mas’ullar yuqoridagi oddiy haqiqatni tan olishni istashmadi. Aniqrog‘i qonunni tushunishni xohlamadi yoki bunga aqli yetmadi. Fuqarolarning tinkai madorini quritib, ular bilan sudlashdi. Oxir-oqibat sharmandalarcha barcha sudda yutqazdi.

Boshqacha aytganda ular yerning to‘rtburchakligiga hammani ishontirmoqchi bo‘lishdi. Afsuski bunga na sud, na odamlar ishondi.

Bugungi Oliy sud qarori garchi butun boshli parda masalasida emas, faqat birgina haydovchiga qo‘llangan ma’muriy jarima yuzasidan bo‘lsa-da, ammo bu yaxshi signal. Har holda Oliy sud darajasida yer dumaloqligi rasman tasdiqlandi degani.

Qissadan hissa shuki, bemalol mashinaning orqa yon oynasiga parda taqish mumkin. Bunga ilgari ham hech qachon taqiq bo‘lmagan. Ammo qonunlarni yaxshi tushunmaydiganlarning kasriga uzoq yillar davomida yuzlab, balki minglab haydovchilarga nohaq jarimalar qo‘llangan. Ishonamizki, endi bundan buyon orqa yon oynaga o‘rnatilgan parda uchun hech kimga jarima qo‘llanmaydi. Mabodo sizga jarima qo‘llashsa, unda o‘ylab o‘tirmay sudga bering. Haqqingizni talab qiling!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring