Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Seriallarimizda ishlatilayotgan so‘zlar shu qadar g‘alizki...» – Ahmadjon Meliboyev

 «Seriallarimizda ishlatilayotgan so‘zlar shu qadar g‘alizki...» – Ahmadjon Meliboyev

Ahmadjon Meliboyev.

Shu kunlarda Respublika bo‘ylab «Til millat ko‘zgusi» mavzuida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan «Jurnalistning til boyligi yoki tahrirga ehtiyoj bormi...» mavzucida  davra suhbati tashkil qilindi. Davra suhbati bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

— Jurnalimizga bir maqolani olib kelishdi. Amir Temurning Boyazidga yozgan xati haqidagi maqolani besh marta qayta tahrirladik. Besh marta qayta yozsak ham ko‘nglimiz to‘lmayapti. Til shunaqa nozik narsa. Ayniqsa seriallarimizda ishlatilayotgan so‘zlar shu qadar g‘alizki, — dedi «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. — Seriallarni ko‘rayotgan tomoshabin bu ketishda aniq savodi haminqadar bo‘lishi tabiiy. Yaqinda bir olimning maqolasini o‘qib qoldim. Unda «Alisher Navoiy saroyda ishlagan paytida kadrlar masalasiga alohida e’tibor berilgan», deyiladi. Savol tug‘iladi: Alisher Navoiy kadrlar bo‘limida ishlaganmi? Yoki «chigit qadash» degan jumlaga e’tibor bering, chigit ekiladi, tugma qadaladi. Eng achinarlisi bunday so‘zlarni noto‘g‘ri ishlatishda bugun OAV yetakchi rol o‘ynayapti. Qiz bola birovning hasmi deymiz, hasmi arabchada dushman degan ma’noni berarkan, hasbi degan ibora esa omonat degani ekan.

— Til qoidasi mavjud. Bu qoidani afsuski jurnalistlar ham unutib qo‘yayotgani achinarli. Hatto qonuniy hujjatlarimizda ham juda ko‘pgina xatoliklar bor. Masalan hujjatlarda o‘zgartish jumlasi qo‘llaniladi. Bu noto‘g‘ri, aslida o‘zgartirish bo‘lish kerak. «Gap unda emas», degan iboraning bug‘doyga sira aloqasi yo‘q. Yoki «gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas» degan gapni «gap bo‘lishi mumkin emas», degan ibora bilan almashtirish kerak emas. Yoki vodiy, vohani olaylik. Vodiy uchta viloyatdan iborat emas. Beshta vodiy bor —Toshkent-Ohangaron vodiysi, Surxondaryo-Sherobod, Farg‘ona, Zarafshon, Shahrisabz-Kitob vodiysi, — dedi o‘z ma’ruzasida «Tafakkur» jurnali bo‘lim mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Sultonmurod Olim.

Bosh muharrirlar,  o‘qituvchi-professorlar, tilshunos-olimlar, talabalar, jurnalistlar, blogerlar, uyushma va uning qoshidagi ijodiy kengashlar mas’ullari qatnashgan ushbu tadbir doirasida ustoz jurnalistlarga va shu bilan faol bo‘lgan yosh jurnalistlarga O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zolik bileti topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring