Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar barini biladi: Andijondagi suv, tok, gaz, ishsizlik, ta’mirtalab yo‘llar

Senatorlar barini biladi: Andijondagi suv, tok, gaz, ishsizlik, ta’mirtalab yo‘llar

Foto: «Senat.uz»

Kecha, 28-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ish boshlagan edi.

Bugun, 29-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi davom ettirildi.

Senatorlar Andijon viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini eshitdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati xabar berdi.

Andijon viloyati hokimining hisobotida qayd etilganidek, viloyatni kompleks rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2017-yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmining o‘sishi 106,7 foizga yetgan. Tegishli dasturlar doirasida 1,5 trillion so‘mdan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilib, qariyb 3040 ta loyiha amalga oshirilgan. Buning evaziga 42,3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. 2476 ta xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sub’yekti tashkil etilgan, tijorat banklari tomonidan ularga 1,2 trillion so‘mlik kredit ajratilgan.

O‘tgan yilda 99 ta korxona eksport qiluvchi korxonalar safiga qo‘shilgan. Natijada viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport qilinayotgan mamlakatlar soni 18 taga yetgan, eksport hajmi qariyb 130 million AQSh dollarini tashkil etgan.

130 ta ijtimoiy soha ob’yekti – shifoxonalar, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, ichimlik suv inshootlari foydalanishga topshirilgan. 24 ta qishloq massivida 1165 ta arzon uy-joy, shu jumladan profilaktika inspektorlari uchun 326 ta xizmat uyi barpo etilgan.

Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan «Har bir oila – tadbirkor» dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Jumladan, jami 497 ming 162 ta xonadon (jami xonadonlarga nisbatan 93 foiz) birma-bir o‘rganib chiqilib, 200 ming 505 ta xonadon egalarining 2 trillion 959 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘iga xohishi borligi aniqlangan. Ushbu xonadonlarga birinchi bosqichda 800 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilgan.

Shu bilan birga, senatorlar Andijon viloyatida hududlarni rivojlantirishga hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammo va kamchiliklar borligini, mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladilar. Xususan, tadbirkorlik sub’yektlari duch kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari lozim darajada ko‘rilmagani oqibatida 2018-yilning birinchi choragida 251 ta kichik biznes sub’yekti faoliyati to‘xtatilgan va ko‘plab ish o‘rinlari yo‘qotilgan. Aholi ehtiyojlariga mos ravishda ish o‘rinlari tashkil etish, mavjud ish o‘rinlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish masalalari to‘liq hal etilmayapti.

Viloyatda aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan to‘liq va uzluksiz ta’minlash borasida muammolar mavjud. Elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Joriy yilda gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirtalab ahvolda.

Muhokama yakunlari bo‘yicha mazkur muammolarni hal etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy ijro hokimiyati organlari mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring