Senatning yalpi majlisida uchta qonun ko‘rib chiqiladi
Oliy Majlis Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisini 2022-yil 8-iyul kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Majlisda quyidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi:
- «Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»;
- «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»;
- O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida».
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining Davlat budjetining 2021 yil yakunlari bo‘yicha ijrosi hamda Davlat budjetining 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitish rejalashtirilgan.
Shuningdek, senatorlar daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’yektlariga salbiy ta’siri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlarini yuborish masalalari muhokama qilinadi.
Yalpi majlisda eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati, shuningdek, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter