Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatda hozircha «Abdurahmonov masalasi» ko‘tarilgani yo‘q

Senatda hozircha «Abdurahmonov masalasi» ko‘tarilgani yo‘q

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaganidan xabaringiz bor. Parlament yuqori palatasi yalpi majlisi Youtube portalida ham onlayn tarzda berib borilayotgani, ko‘plab foydalanuvchilar peshma-pesh munosabat bildirilayotganidan ham boxabarsiz.

Senat raisi Tanzila Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan munosabatlarni kuzatib borayotganini bildirib, bir-ikkita achchiq-achchiqlarini o‘qib berar ekan, bugungi sovuq kunlarda gaz va svet ta’minotidagi muammolarga aniqlik kiritish haqida majlisning o‘zidayoq doimiy ishlovchi senatorlarga topshiriq bergani haqida ma’lum qilgandik.

Ayrim foydalanuvchilar «UzAuto Motors» monopoliyasini tugatish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidan noroziliklarini ham bildirmoqdalar. Shuningdek, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov masalasiga e’tibor qaratishni so‘rab izoh qoldigan.

Hozircha Senatda «Abdurahmonov masalasi» ko‘tarilgani yo‘q.

Ma’lumki, keyingi bir necha kun ichida Sh. Abdurahmonovning bir emas, uchta haqoratli audiolari tarqaldi. 13-noyabr kuni tarqalgan birinchi audioda hokim jurnalistlarning «qichiq savol»lariga toqati yo‘qligi, «normalniy» muloqot qilish tarafdori ekanini ta’kidlab, gap orasida ommaviy axborot vositalari xodimlaridan birini «hezalak» deb haqoratlaydi. Bundan tashqari go‘yoki «shallaqilik» qilgan marhamatlik murojaatchilarni «15 sutkaga tiqib» qo‘yganini ham pisanda qiladi.

Ertasi kuni tarqalgan ikkinchi audioda esa u tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvni eslab, kim Bosh vazirga murojaat qilsa, (o‘sha murojaat) baribir o‘ziga kelishi, mabodo, biror shikoyat Toshkent orqali kelsa, (murojaatchining) ketiga (hokim shu so‘zning qo‘pol muqobilini ishlatadi) tepishini ta’kidlaydi. Shuningdek, bir tadbirkorni «...seni odam tuqqanmi yo it tuqqanmi?», «E, semirmay o‘l, to‘ng‘iz!» deya haqoratlaydi.

Kuni kecha Sh. Abdurahmonovga oid deyilgan uchinchi audio tarqaldi. Bu safar u o‘ta asabiy tarzda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘shni viloyatlar bilan taqqoslashlarini aytib, milliarder Alisher Usmonov Namanganga 50 million dollar bergani, «qaysi andijonlik iflos menga bir so‘m berib qo‘yibdi?» deya iddao qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha yillardan buyon Andijon viloyatini boshqarib kelayotgan Shuhrat Abdurahmonov shuncha paytdan beri Oliy Majlis Senati a’zosi hisoblanadi.

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring