Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat G‘aniyev va Shuhrat Abdurahmonov Senat yalpi majlisida hisobot beradi

Shuhrat G‘aniyev va Shuhrat Abdurahmonov Senat yalpi majlisida hisobot beradi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini 2022 yil 28 aprel kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.

 Videokonferensaloqa shaklida ikki kun davom etadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqiladi.

«Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi, «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi, «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi, «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi, «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «O‘simliklar karantini va himoyasi to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunlarni muhokama etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar tomonidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil I choragidagi ijrosi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sh. G‘aniyevning fermer xo‘jaliklari faoliyati kafolatlarini ta’minlash holati yuzasidan axboroti, Hisob palatasi, Markaziy bank, Bosh prokurorning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Andijon viloyati hokimining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisobotini ham eshitish va boshqa masalalarni ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring