Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Sen xalqqa do‘stmi yoki ayiqqami? Soliq qo‘mitasiga bir gap bo‘lyapti

Sen xalqqa do‘stmi yoki ayiqqami? Soliq qo‘mitasiga bir gap bo‘lyapti

Soliq qo‘mitasiga bir gap bo‘lyapti, o‘rtoqlar. Bugun qo‘mita saytida «To‘yxona noqonuniy tikuvchilik sexiga aylantirildi» sarlavhali juda antiqa xabar chiqdi.

Unda aytilishicha, 4 aprel kuni Chirchiq shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida qonun buzilishi holati aniqlangan emish. Shaharda joylashgan «Aziya» to‘yxonasida 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro M.E. hech qanday hujjatlarsiz tibbiy niqob ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Tadbirkor faoliyatini 2 aprelda boshlab 183 nafar ishchi (!) yollab, ular bilan og‘zaki ravishda, har bir niqob uchun 60 so‘mdan ish xaqi berishga kelishgan.

Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bino ko‘zdan kechirilganda jami 301 ming 994 dona tibbiy niqob va 21 dona kleylash uskunasi — umumiy narxi 156 million 696 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklar borligi aniqlangan va vaqtinchalik olib qo‘yilgan.

Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi.

Birinchidan, O‘zbekistonda tibbiy niqob yetishmovchiligi juda yuqori bo‘lganligi sababli Hukumat zudlikda qaror qabul qilib, tibbiyot niqoblarni tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqardi, tibbiy niqobni ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmasligini ma’lum qildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiy niqob ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, aholida yuzaga keladigan niqob taqchilligining oldini olish edi.

Nahotki bundan soliqchilarimizning xabari bo‘lmasa? Yoki ularni faqat musodara qilishga aqli yetadimi?

Ikkinchidan, karantin tufayli hamma joylar yopildi, xalq daromad topolmay qiynalyapti, ishsizlik mislsiz darajada oshdi. Shunaqa paytda 30 yoshli bir tadbirkor 183 kishini (!) ish bilan ta’minlagan joyida soliqchilar kelib uning 157 mln so‘mlik mahsulotini olib qo‘ygani nimasi? Vijdoninglar bormi o‘zi?

Keling, oddiy hisob-kitob qilamiz.

Xabarda aytilgandek, jami 302 mingta tibbiy niqob tayyorlangan. Ularning har biri uchun 60 so‘mdan xizmat haqi berishga kelishilgan. Bu 18 mln 120 ming so‘m bo‘ladi. Endi uni 183 kishiga bo‘lsak, taxminan 100 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Tadbirkor faoliyatini 2 aprelda boshlagan, soliqchilar 4 aprelda u yerni «bosishgan». Demak, o‘sha 183 kishi salkam 1 yarim kunda 100 ming so‘m pul topgan. Bu oyiga 1,5 mln so‘m ish haqi bo‘ladi degani.

Endi hurmatli soliqchilarimiz, jumladan Soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayevga savol!

Aytinglarchi, qisqa fursatda 183 kishiga 1,5 mln so‘m oylik beradigan ish o‘rni yaratish Soliq qo‘mitasining qo‘lidan keladimi yoki yo‘q? Agar qo‘lingizdan kelmasa, hech bo‘lmasa xalaqit bermanglar, baraka topgurlar!

Uchinchidan, noqonuniy sex emish! Xo‘sh, uning qonuniysi qanaqa bo‘ladi? YaTT yoki xususiy korxona ochganligi to‘g‘risida hujjat bo‘lsa kifoyami? Unda olib beringlar o‘sha yaramas hujjatni. Internet orqali 10 minutda onlayn ochish mumkin-ku! Tadbirkorga nima qilsa qonuniy bo‘lishini o‘rgatinglar undan ko‘ra. Sanitariya holatidan ko‘nglingiz to‘lmasa, unda mutaxassis jalb qilib, yordam beringlar. Shu qiyin ishmi?

To‘rtinchidan, «157 mln so‘mlik mahsulot masala qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi» deyilgan xabarda. 4 aprelda ushlangan tadbirkor haqidagi xabar 8 aprelda saytga chiqyapti. 4 kunda masala hal bo‘lmadimi? Xo‘sh, qachon qonuniy hal bo‘ladi unda? Necha yil, necha oy kerak? Sizlar hal qilguncha bechora tadbirkor va 183 kishi yana ishsiz va och-nahor qoladimi?

Kechirasizlaru, bu qaroqchilik emasmi? Maqsad tadbirkorga yordam berishmi yoki unga xalaqit berishmi?

Bir tomonda Hukumat tadbirkorlarga ruxsat va yengillik bersayu, boshqa tomonda soliqchilar tadbirkor mulkini olib qo‘yib, faoliyatini to‘xtatib qo‘ysa, bu nimasi? Karantin hamda favqulodda holat paytida shu ishlar to‘g‘rimi?

O‘zi kuni-kecha Soliq qo‘mitasining banklar tomonidan jismoniy shaxslar kartalariga 30 mln so‘mdan ortiq o‘tkazilgan pullar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish majburiyatini yuklash to‘g‘risidagi hujjat loyihasi keskin tanqid ostida qolgandi. Bugun esa, bunaqa xabar chiqib turibdi.

Soliq qo‘mitasiga bir gap bo‘lyapti, o‘rtoqlar.

P.S.:
Soliq qo‘mitasi saytidan ushbu xabar o‘chirib tashlandi.

O‘chirilgani mayli, lekin asosiy savollarimiz baribir o‘z kuchida turibdi. Biz shunchaki xabarni o‘chirish emas, bu vaziyat bo‘yicha aniq izoh kutamiz qo‘mitadan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring