Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Saylov uchun mablag‘larning taqsimoti nazoratda» — Muhsin Xolmuxamedov

«Saylov uchun mablag‘larning taqsimoti nazoratda» — Muhsin Xolmuxamedov

Bu yilgi saylov jarayonlarini yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq mablag‘larning har bir so‘mini o‘z yo‘nalishi va maqsadli sarflanishi yuzasidan qattiq nazorat o‘rnatilgan.

Siyosiy partiya va nomzodlarning mustaqilligini ta’minlash yuzasidan ajratiladigan mablag‘lar ham teng va yetarli miqdorda bo‘lishi ta’minlangan.

Xususan, umumpartiyaviy tadbirlar va siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibot ishlarini amalga oshirishga ajratiladigan mablag‘lar — 15 mlrd 486 mln so‘m. Bunda, har bir nomzodga 3 mlrd 97 mln so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda saylov bilan bog‘liq jarayonlarni moliyalashtirish 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan Saylov kodeksining 17-bob, 98,99 va 100-moddalarida belgilangan normalar asosida amalga oshiriladi.

2021 yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish 300 mlrd so‘m ajratilgan.

Bu mablag‘lar avvalambor har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining saylov huquqlarini to‘laqonli ta’minlashga qaratilgan barcha jarayonlarni xalqaro standartlarga muvofiq moddiy va moliyaviy ta’minlashga asos bo‘ladi.

Ushbu mablag‘larning asosiy qismi ya’ni 80%ga yaqini saylov jarayonlarini tashkil etishda qatnashuvchi xodimlarning ish haqiga ajratiladi, ya’ni ularning mehnati qonuniylashtirilgan va munosib rag‘batlantiriladi.

Moddiy-texnik ta’minot jihatidan ham barcha masalalar oldindan hisob-kitob asosida, ya’ni hududlardagi mavjud saylov jihozlari va tovar moddiy qiymatliklar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib faqat qo‘shimcha yangi jihozlargagina pul ajratilgan.

Bu yilgi saylovlarda informatsion-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish orqali shaffoflikni ta’minlash yana ko‘proq e’tibor qaratiladi va xususan saylovga ajratilgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan saylov yakunlari e’lon qilingandan so‘ng Markaziy saylov komissiyasining veb sayti orqali va ijtimoiy tarmoqlarida hisobot beriladi.

Shu bilan birga, ajratilgan mablag‘larning aniq va manzilli sarflanishi nazorat qilib borilishi va saylov yakunida iqtisod qilingan mablag‘lar davlat budjetiga qaytarilishiyam ko‘zda tutilgan.

Mablag‘lar nimalarga sarflanadi?

Smetaga ko‘ra, mablag‘lar quyidagi maqsadlarga sarflanadi:

✓ Prezident saylovi bo‘yicha 14 ta okrug saylov komissiyasi xarajatlari uchun;

✓ 10 800 ga yaqin uchastka saylov komissiyasining har birini, ehtiyojdan kelib chiqib, Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi, saylov anjomlari bilan jihozlash, (yashirin ovoz berish kabinasi, ovoz berish qutisi) tarqatma materiallar va boshqa tovar-moddiy qiymatliklar bilan ta’minlashga;

✓ Okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga jalb etiladigan qariyb 140 000 nafarga yaqin komissiya a’zolarining ish haqi va kompensatsiya to‘lovlariga.

Bundan tashqari, saylov byulletenlari, taklifnomalarini tayyorlash va saylov uchastkalarigacha yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari ham moliyalashtiriladi.

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori belgilangan tartibda rejalashtiriladi. Mazkur mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

14 ta okrug saylov komissiyalarining xarajatlar smetasida har bir okrug uchun qariyb 57 mln so‘mdan hamda har bir uchastka saylov komissiyasi uchun 12 mln so‘mga yaqin miqdorida moliyalashtiriladi.

Okrug va uchastka saylov komissiyalariga ajratilgan mablag‘lar:

✓ barcha komissiya a’zolarining ish haqi va kompensatsiya to‘lovlari;

✓ yagona ijtimoiy to‘lovlar;

✓ xizmat safari va feld’yegerlik xizmati xarajatlari;

✓ saylov byulletenlari va taklifnomalarni saylov uchastkalarigacha yetkazib berishni tashkil etish uchun transport xarajatlari;

✓ shaharlararo telefon aloqasi;

✓ saylov komissiyalariga peshlavha va axborot stendlari tayyorlash xarajatlari;

✓ saylov okruglarida takroriy ovoz berish jarayonlarini moliyalashtirish.

Xulosa qilib aytganda prezident saylovi uchun ajratilgan mablag‘lar uni demokratik tamoyillarga asoslangan holda, qonun hujjatlarida belgilangan talablar asosida tashkil etish va o‘tkazish uchun yetarli bo‘lib, uning to‘g‘ri va samarali sarflanishi ustidan qonunda belgilangan tartibda nazorat o‘rnatilgan.

Muhsin Xolmuxamedov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring