Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matbuot va axborot agentligi savodsizlikni targ‘ib qilayotgan jurnalni sudga berdi

Matbuot va axborot agentligi savodsizlikni targ‘ib qilayotgan jurnalni sudga berdi

Foto: «Depositphotos»

Bugungi kunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma va elektron nashrlarga keng imkoniyat yaratilgan. So‘z erkinligini ta’minlash, turli soha va yo‘nalishlarda ko‘zga tashlanayotgan muammolarni yoritish, xalq va davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishda OAVning o‘rni tobora mustahkamlanib boryapti.

Ammo bugun sohada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda yaratilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilayotgan, jurnalistikani biznesga aylantirib, saviyani bir chetga surgan «tadbirkorlar» va noshirlar ham talay.

«OLTIN ASR SERVIS» mas’uliyati cheklangan jamiyati ijodiy markazi muassisligidagi «OLTIN ASR» jurnali buning yaqqol dalili bo‘la oladi. 2017 yildan buyon nashr etilayotgan jurnal faoliyati nainki bugungi kun talablariga, balki jurnalistika norma va etikalariga ham mutlaqo javob bermaydi. Shu paytga qadar nashrdan chiqqan har bir sonida yuzlab imloviy xatolarga yo‘l qo‘yish uchun jurnalist yoki noshir qanchalik «yuksak mahorat»ga ega bo‘lishi kerak?! O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan jurnalning har bir sonidagi xatolar yuzasidan ogohlantirish va taqdimnomalar berilgan bo‘lsa-da, keyingi sonlarida bundan ham qo‘pol, yangi-yangi xatolarga yo‘l qo‘yishni qanday izohlash mumkin?

Aslida bosma nashr, xususan, jurnallar hamisha aholining savodxonligi, bilim va saviyasini yuksaltirishga xizmat qilib kelgan. Ammo  «OLTIN ASR» jurnali o‘z o‘quvchilari va obunachilari oldidagi bunday mas’uliyatni unutgan ko‘rinadi. Jurnalni qo‘lga olishingiz bilanoq xatolarga ko‘zingiz tushadi. Muqovaning o‘ziyoq jurnalning ichki sahifalarida sizni nimalar kutayotgani haqida ogohlantirish bergandek bo‘ladi.

Jurnaldagi xatolar muqovadan boshlanadi.
Foto: Matbuot va axborot agentligi.
Jurnalning 2017 yil 5-son, 2-sahifasi
Foto: Matbuot va axborot agentligi.

Albatta, shu paytga qadar 10 ga yaqin sonini nashr etishga ulgurgan jurnal mualliflarining har bir xatosini sanab chiqishning imkoni yo‘q. Ammo misol tariqasida 2018 yilda chop etilgan 3-sonini tahlil etish kifoya. Muqovada ommaviy axborot vositalari so‘zlari qo‘shtirnoqqa olinib, «27-iyun O‘zbekiston «ommaviy axborot vositalari» xodimlarining kasb bayrami!..» shaklida yozilgan. Aslida, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni emasmi? Yoki 40-sahifadagi «Ko‘ngil ochar bog‘ga marhabo» («Ko‘ngilochar boqqa marhabo!») sarlavhasi ostida berilgan materialda «tasarruf» – «ta’ssarruf», «zamonaviy» – «zamonvaiy», «attraksion» – «atraksion», «albatta» – «albatda», «unutmang» – «unitmang» kabi ko‘plab imlo xatolari uchraydi. Hatto jurnal haqidagi  ma’lumotlar ham imloviy va mantiqiy xatolar bilan berilgan: «Tassischi:» (Ta’sischi), «Sahifalovchi Dizayner» (Sahifalovchi dizayner), «Musahhix» (Musahhih), «marotoba» (marotaba), «orginal» (original) va hokazo. Bundan tashqari, ayrim maqolalar sarlavhasi va matnlar aynan takrorlangan, materiallarning mazmuni va sarlavhasi bir xil, matnida faqatgina joy nomlari, ismlar va raqamlar o‘zgartirilgan, xolos.

Jurnal mundarijasidan. 
Foto: Matbuot va axborot agentligi.

Bundan tashqari, ayni shunda e’lon qilingan maqolalarda g‘aliz, tahrirtalab jumlalar juda ko‘p uchraydi. Masalan, «Bu xususda chet el OAV qator ijobiy maqolalar, radioeshittirish va ko‘rsatuvlar namoyish etilmoqda», «Olis qishloqlardan keltirilayotgan, davolanishiga qaramay, yiqilib qolgach, zo‘raki so‘yilgan (xonadonlarda antisanitariya) holatidagi go‘sht mahsulotlari, ayniqsa, saratonda bozori chaqqon bo‘ladi», «Shiddat bilan rivojlanishga yo‘l tutgan dunyo talablari yildan-yilga murakkablashib turgan zamonda bizning boshqalardan ortga qolib ketishga aslo haqqimiz yo‘q», «Yurtimiz yuksalaversin, jahonda yagona davlat sifatida taraqqiy etaversin...» singari mantiqsiz va tuturuqsiz jumlalarga ko‘zingiz tushadi. «Buhtonning umri qisqa yohud «yozuvchi»larning kirdikorlari xususida», «Chorva mollari kasalligidan ehtiyot bo‘ling» kabi maqolalarda esa hech bir faktsiz, konkret shaxslar nomi ko‘rsatilmay, noma’lum kishilar sha’niga haqoratlar yog‘dirilgan. Jurnalda e’lon qilingan ko‘plab materiallarda mualliflik huquqiga rioya etilmagan, maqola va xabarlar turli saytlardan olingan bo‘lishiga qaramasdan, manba ko‘rsatilmagan.

Jurnalning 2017 yil 5-son, 2-sahifasi
Foto: Matbuot va axborot agentligi.

Eng qizig‘i, jurnal ta’sischilari va bosh muharriri tomonidan Agentlik taqdimnomalariga yozilgan javob xatlari ham imloviy xatolarga to‘la ekani bu nashrda savodsizlikka barham berish mutlaqo imkonsiz ekanini ko‘rsatadi.

Jurnal rahbarlarining javob xati.
Foto: Matbuot va axborot agentligi.
Jurnal rahbarlarining javob xati.
Foto: Matbuot va axborot agentligi.
Jurnal rahbarlarining javob xati.
Foto: Matbuot va axborot agentligi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudiga mazkur jurnalga berilgan guvohnomani tugatish haqida da’vo arizasini kiritdi. Agentlik bu kabi savodsizlikni targ‘ib etadigan, maqsad-muddaosi noaniq va sifatsiz mahsulot chiqarishni odat qilgan nashrlarga nisbatan keskin va murosasiz munosabatda bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari, til qoidalari, jurnalistika etikasi va normalariga rioya etmagan nashrlarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha bosma va elektron nashrlarni e’lon qilinayotgan materiallarga e’tiborli bo‘lish, amaldagi o‘rnatilgan qonun va qoidalarga rioya etishga chaqiramiz. Zero, davlat tiliga hurmatsizlik qilgan, so‘zni, ommaviy axborot vositalarini qadrsizlantirgan, obro‘ va boylik ilinjidagi bunday «tadbirkor»larga sohada o‘rin yo‘q. Bu davlat tiliga, jurnalistika sohasiga nisbatan xiyonatdir.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring