Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandlik olimlar bug‘doyning yangi navini yaratdi

Samarqandlik olimlar bug‘doyning yangi navini yaratdi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali professori G‘ulom G‘aybullayev rahbarligidagi samarqandlik olimlar bug‘doyning yangi, serhosil navini yaratishgan. Bu haqda «Xalq so‘zi» gazetasida ma’lum qilingan.

O‘tkazilgan tajribalar, seleksiya ishlari natijasida bug‘doyning iqlim sharoitiga mos, barakali va ertapishar «O‘zbekiston-30» va «Samarqand» navlari yaratilgan. Ayni kunlarda mazkur navlar Respublika davlat nav sinash ilmiy markazida sinovdan o‘tkazilmoqda.

— O‘zbekiston boshoqli don ekinlari hosildorligi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘ntalikka kirgan davlatlardan sanaladi, — degan professor G‘ulom G‘aybullayev. — Jomboy tumanida joylashgan ushbu urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga qarashli 80 gektar tajriba maydonida hozirga qadar bug‘doyning «Jasmina», «Farboma», «Amira», «Zarafshon» va arpaning «Bek» navlari yaratildi.

E’tiborli jihati shundaki, samarqandlik olimlar tomonidan «Kroshka» va «Sangzor-8» navlarini chatishtirish asosida yaratilgan bug‘doyning «Jasmina» navi serhosil, iqlim sharoitiga mosligi bilan amaliyotda to‘liq o‘zini oqlagan. Bugungi kunda ushbu nav viloyatning 13 ming gektardan ortiq yer maydonida va qo‘shni Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari dalalarida ekilmoqda. Hosildorligi o‘rtacha 60-70 sentnerdan yig‘ishtirib olinyapti.

2022 yil hosili uchun viloyatdagi 472 ta urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 10 ming 414 gektar yer maydoniga bug‘doyning «Jasmina», «Yaksart», «Davr», «Farboma» singari navlari ekib parvarishlanmoqda. Joriy yil g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi davomida 31 ming 462 tonna urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring