Samarqanddagi masjidda bolaning so‘roq qilinishi videosiga rasmiy izoh berildi
Bugun, 26-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Paxtachi tumanida IIB xodimlari voyaga yetmagan bolani so‘roq qilishdi» sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB izoh berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat 2021-yil 25-may kuni Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan bo‘lib, shu kuni soat 20:30 lar atrofida Paxtachi tumani IIB xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Paxtachi tumani Ziyovuddin shaharchasida joylashgan «Xo‘ja-Ziyovuddin» jome’ masjidida reyd o‘tkazilgan.
Tadbir davomida maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan X.A. ismli shaxs 11 nafar (5 nafari voyaga yetmagan) shaxslarga diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy saboq berayotganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan X.A.ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, kelgusida diniy ta’limotlardan saboq berish niyati bo‘lsa, maxsus diniy bilimlarni egallab, qonunlarga asosan, vakolatli diniy organlarning ruxsati asosida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilgan.
«Ichki ishlar organlari hech kimni diniy bilim olishini cheklamaydi. Yurtimizda diniy bilim olish uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Faqatgina qonunchilikka asosan, belgilangan me’yorlarga amal qilish so‘raladi», – deyiladi viloyat IIB axborot xizmati munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter