Samarqandda majburiy mehnat ortidan bir qator amaldorlar ishdan olindi
8-iyuldan boshlab Samarqand shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari qo‘l ostida ishlovchi mehnat inspektorlari Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi yo‘l bo‘yida beton quyish uchun majburiy mehnatga jalb etilgan. Mehnat inspektorlarining ishini shaxsan shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori nazoratga olgan. Ularni doimiy tarzda ishlashini kuzatib, xodimlarga qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni topshirib turgan.
“Daryo.uz” saytida chop etilgan shu maqola yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruh 18-19-iyul kunlari xizmat tekshiruvi o‘tkazgan.
Natijada maqolada keltirilgan holatlar qisman o‘z tasdig‘ini topgan. Xizmat tekshiruvi natijalari 20-iyul kuni Samarqand shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida muhokama qilingan.
Yig‘ilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, vazir o‘rinbosarlari, ishchi guruhi a’zolari, Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi xodimlari, tuman ABKM direktorlari va Samarqand shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining xodimlari ishtirok etgan.
Xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘iga “hayfsan” berilgan, Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i, uning o‘rinbosari, Samarqand shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining direktori, Davlat mehnat huquq inspektori, haq to‘lanadigan jamoat ishlari bo‘yicha sho‘’ba boshlig‘i ishdan olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter