Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand madrasalarining ulamolari ilm va ixtirolari bilan mashhur bo‘lgan – Aziz Abduhakimov

Samarqand madrasalarining ulamolari ilm va ixtirolari bilan mashhur bo‘lgan – Aziz Abduhakimov

Samarqandda Global Ta’lim forumi ish boshladi. Forumni O‘zbekiston ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda ko‘plab xorijiy va mahalliy oliy o‘quv dargohlarining rektorlari ishtirok etmoqda.

Forumda turizmni barqaror rivojlantirish masalalari, «yashil» va xavfsiz sayohatlarni ta’minlash, turizm bo‘yicha savodxonlikni oshirish, ayniqsa o‘quv muassasalarida turizm bo‘yicha bilim berish muammolari muhokama qilinyapti.

Jumladan, UNWTO tashabbusi bilan tayyorlangan maxsus darslik taqdimoti o‘tkazilib, bu darslik asosida AQSh va Buyuk Britaniya o‘quv muassasalarida turizm fani bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlanishi ma’lum qilindi.

Forumni O‘zbekiston ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Vazir o‘z so‘zida Samarqand shahrining qadimdan Buyuk ipak yo‘lidagi eng yirik ta’lim markazi bo‘lganini ta’kidladi. Jumladan, Samarqand timsoli bo‘lmish Registondagi har uchala bino ham madrasa bo‘lganini, bu yerda o‘z zamonasi uchun muhim va ilg‘or bilimlar berilganini eslatib o‘tdi.

Samarqand o‘z vaqtida Ipak yo‘lidagi ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lgan. O‘zbekistondagi eng mashhur sayyohlik maskani bo‘lmish Registon ta’lim timsolidir. Bu tarixiy maydondagi uchta binoning barchasi madrasa bo‘lib, ilm maskani sifatida faoliyat yuritgan. Bu madrasalar 500 yil avval dunyoning eng buyuk universitetlaridan hisoblanib, o‘quv dasturlari kengligi va teranligi, ulamolarining ilmi va ixtirolari bilan islom olamiga mashhur bo‘lgan, – dedi Aziz Abduhakimov. 

Vazir oxirgi yillarda O‘zbekistonda ta’lim va turizm rivojiga katta e’tibor qaratilayotganini, natijada peshqadam o‘quv yurtlarining soni 16 tadan 30 taga, talabalar soni esa 4000 dan 12000 ga oshganini qayd etdi. Ayniqsa turizm sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash ham yangi bosqichga chiqqani qayd etdi.

Forumda so‘zga chiqqanlar sayyohlarga e’tibor va mehmondo‘stlik O‘zbekiston xalqi mentalitetiga xos qadimiy xislat ekanini alohida e’tirof etishdi. Mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun yetarli sharoit va salohiyat mavjudligini ta’kidlab o‘tishdi.

Forumda Maktab va maktabgacha ta’lim vaziri Hilola Umarova ham so‘zga chiqib, UNWTO tashabbusi bilan ishlab chiqilgan dastur asosida bu yil tajriba tariqasida Samarqand viloyatida 20 ta pilot maktab tanlab olinib, turizm fani o‘qitilishini e’lon qildi.

Vazirning aytishicha, keyinchalik respublikaning boshka maktablarida ham bu innovatsion g‘oya amalga tatbiq etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring