Samarqand mutasaddilari soxta ziyoratgoh faoliyatiga chek qo‘yadimi?
Dinga aloqasi bo‘lmagan soxta g‘oyalardan yurtdoshlarimni ogohlantirish va ushbu sohaga mas’ul bo‘lgan rahbarlarga dinimiz tarixini soxtalashtirish hisobidan boylik to‘playotgan bir guruh vijdonsizlar borligini yana bir bor eslatish maqsadida ushbu maqolani yozdim.
Bugungi kunda Samarqand viloyati Nurobod tumani Oqsoy qishlog‘idagi «Hazrati Dovud» nomli soxta ziyoratgoh yuz minglab insonlar ziyorat qiladigan maskanga aylangan. Uning mutasaddilar ushbu «ziyoratgoh»ni Dovud alayhissalom nomi bilan bog‘lashadi. Ammo bu joy haqiqatan ham Dovud alayhissalomga bog‘liqligini tasdiqlovchi ishonchli tarixiy yoki diniy manbalar mavjud emas, «ziyoratgoh»dagi «tadbirkor»lar turli xil asossiz, yolg‘on rivoyatlar bilan xalqimizni aldash orqali bu yerni noqonuniy daromad maskaniga aylantirib olishgan.
Ularning aytishicha, go‘yoki Dovud alayhissalom ushbu g‘orga kelgan, panjalari bilan g‘or devorlarini ushlagan va temirchilik ustaxonasida ishlagan emish. Shu ertakka ishonib bo‘ladimi? Buning ustiga ular rivoyat to‘qishga juda usta bo‘lib, rivoyatlari tez-tez yangilanib turadi va yolg‘onlar bilan boyitiladi. «Ziyoratgoh»ga kelgan odamlar Dovud alayhissalomga atab qurbonliklar ham qilishadi, bu axir shirk-ku! U yerga borayotgan yuz minglab odamlarni ko‘rsangiz hayron qolasiz, ularga bu ish noto‘g‘ri ekanligini tushuntirish juda mushkul, ular sizni mutaassiblikda ayblashadi, ammo o‘zlari yolg‘on rivoyatlarga ishonishadi (chunki ularning diniy bilimlari yetarli emas, bunga o‘zimiz va o‘tmishda o‘zini qudratli deb bilgan ba’zi tashkilotlar aybdor deb hisoblayman).
Ushbu masala bo‘yicha 2017-yil yanvar oyida Nurobod tumani hokimligi vakili bilan telefon orqali gaplashganimda u bu maskan viloyat nazoratiga o‘tganini ta’kidladi. Viloyatning avvalgi hokimi Himmat Oqbo‘tayevning 2017-yil 16-yanvardagi javob xatida esa quyidagi fikr bildirilgan: «Hozirgi vaqtda ushbu maskan haqida ilmiy asoslanmagan rivoyatlar tarqalishining oldini olish hamda mazkur manzilni ilohiylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ma’naviyat targ‘ibot markazi, «Kamolot» YoIH viloyat bo‘limi hamda «Oqsoy» mahalla faollari bilan hamkorlikda Hazrati Dovud ziyoratgohida ruxsat etilmagan diniy marosimlar o‘tkazilishiga barham berish choralari ko‘rilmoqda», ammo o‘zingiz tushungan bo‘lsangiz kerak, bu choralar, har doimgidek, samara bermayapti.
Ushbu masala bo‘yicha viloyatning hozirgi hokimi Turobjon Jo‘rayevning virtual qabulxonasiga 2017-yilning 30-dekabrida yo‘llagan murojaatimga esa hanuz javob olganim yo‘q. Viloyat prokuraturasi va soliq boshqarmasining rasmiy javoblarida esa u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning hujjatlari joyida deyiladi, xullas, «men ne deymanu qo‘bizim ne deydi?» deganlari shu bo‘lsa kerak.
Yaxshi niyatlar bilan respublika miqyosidagi tashkilotlarga, jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga murojaat qilishni boshladim. Qo‘mitadan «Bu joy Dovud payg‘ambar qadamjosi ekanligiga hech qanday asos va dalillar mavjud emas. Mazkur joy faqatgina dam olish maskani ekanligi va bu yerga diniy nuqtai nazardan yondashmaslik haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda» deya javob berildi. Xullas, o‘xshash javob, ya’ni tushuntirish ishlari olib borilmoqda va hakozo...
Faqatgina O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi biroz dadil fikr bildirgan xolos. Marhamat, ularning fikri bilan tanishing: «Hazrati Dovud ustaxonasi deb tanishtirilayotgan va turli, eski o‘choq singari ashyolar o‘rnatilgan pastki qismdagi g‘ordan, mahalliy aholining guvohlik berishicha, 2000-yillarga qadar yozning jaziramasida chorva mollarini salqinlatish uchun foydalanilgan. Keyinchalik ba’zi tadbirkorlar tomonidan egallanib, bu Hazrati Dovud ustaxonasi degan yolg‘on, asossiz da’volar bilan daromad manbai sifatida foydalanib kelinayapti. G‘or ichida o‘zini Fayziyeva Munira deb tanishtirgan shaxs kishilarga bu yer muqaddasligi, g‘orning o‘ng tomoniga qarab niyat, chap tomoniga qarab tavba qilish kerakligi haqida uydirmadan iborat gaplarni aytib kelmoqda». Mana sizga haq gap, ammo negadir Samarqand viloyati hokimiyatidagi mutasaddilar ham, prokuratura va soliq boshqarmasi ham, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham bu borada amaliy va qat’iy choralarni ko‘rmayapti.
Samarqand viloyati hokimiyatidagi mutasaddilar balki yolg‘onlarga asoslanib xalqni aldayotgan bu firibgarlar faoliyatidan «xabarsiz» bo‘lsa kerak.
Viloyat prokuraturasiga murojaatim: ularning hujjatlari bor deyapsiz, ammo ularning xalqni aldashga ham hujjatlari bormi, bizning Jinoyat kodeksimizda firibgarlik, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, diniy ma’lumotlarni soxtalashtirishga oid moddalarimiz ham bor shekilli...
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga murojaatim: sizlar har bir diniy kitobni ekspertizadan o‘tkazasiz va e’tiqodimizga to‘g‘ri kelmaydigan kitoblarni taqiqlaysiz, bu juda yaxshi. Ammo meni hayron qoldirgan jihat shuki, nimagadir yolg‘on rivoyatlarga asoslangan va bir vaqtlar molxona, qo‘yxona bo‘lgan soxta ziyoratgoh faoliyatini to‘xtatmayapsiz.
Agar xorijdagi musulmonlar ziyorat turizmi bilan kelib, shu kabi joylarni ko‘rsa bormi, bir umr kulgiga qolamiz.
Hurmatli mutasaddilar, sizlardan ushbu «ziyoratgoh»dagi dinimiz va millatimiz sha’ni uchun katta sharmandalik bo‘layotgan firibgarlikka nisbatan qat’iy choralar ko‘rishingizni so‘rayman.
Tohir Hotamov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter