Samarada zaharlangan 69 nafar o‘zbekka yordam berish uchun shifokorlar yuboriladi
Rossiya Federatsiyasining Samara oblastida ommaviy zaharlangan o‘zbekistonliklar haqida rasmiy ma’lumot berildi. 2019-yilning 19-iyulida O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari va O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi bosh konsuli Samara oblastiga tashrif buyurdi va 69 nafar O‘zbekiston fuqarosining holatini o‘rgandi.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining 68 fuqarosi Samara oblasti, Sizran rayoni, Koshelevka qishlog‘idagi «Koshelevskiy posad» MChJda mehnat faoliyati olib borgan. Ular bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan — bog‘ga qaragan va meva-chevalarni yig‘ishtirish bilan shug‘ullangan.
16-17-iyulda O‘zbekiston fuqarolari zaharlanishning turli bosqichida Samara oblasti klinik kasalxonasiga va Tolyatti shahridagi 1-klinik kasalxonaga yetkazib borilgan. Ishchi guruh kasalxonaga tashrif davomida O‘zbekiston fuqarolarining holidan xabar oldi. Shuningdek, Samara oblasti administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, Samara oblasti sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari va kasalxona bosh vrachi bilan uchrashdi. Shu bilan birga «Koshelevskiy posad» MChJ vakillari bilan ham muzokara olib borildi va ish beruvchining hisobidan barcha davolanish harajatlari qoplanishi kelishib olindi.
Ayni vaqtda hamyurtlarimizga yordam berish maqsadida mas’ul idoralar tomonidan qo‘shimcha tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi shifokorlari tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamkorligida Samaraga tashrif buyurib, bemorlar holati bo‘yicha konsilium o‘tkazishi rejalashtirib olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter