Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Salkam 303 million so‘mlik pullarni o‘g‘irlagan giyohvand 5 yilga qamaldi

Salkam 303 million so‘mlik pullarni o‘g‘irlagan giyohvand 5 yilga qamaldi

Buxoro viloyati, Vobkent tumanilik 54 yoshli O‘.Rajabov o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan shaxsning salkam 303 million so‘mlik pul va taqinchoqlarini o‘g‘irladi. Ustiga-ustak, uning giyohvandligi ham oshkor bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi raisi Akram Rahimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, aybdorga nisbatan 5 yil qamoq jazosi tayinlangan.

Holatga ko‘ra, uzoq yillar Rossiya Federatsiyasida mehnat muhojirligida yurib, ro‘zg‘or tebratib kelgan O‘tkir Rajabov qishloqqa qaytgach, tuzuk ish boshini tutmagan. U Vobkent tumanidagi Kulolchi ko‘chasida aylanib yurgan va hashamatli uylar ko‘pligini ko‘rgach, bu xonadonlar boy va puldor odamlarga tegishli, deya mulohaza qilgan. U xonadonlar orasida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan Alisher Nabiyevning ham dang‘illama hovlisi borligini bilgan. U uy egasining qachon ishga jo‘nab ketishi, qachon qaytib kelishi va shuningdek, uning oilasidagilar ham qachon va qay vaqtda ish va o‘qishga borib kelishlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot to‘plagan.  Oradan bir necha kun o‘tgach, o‘z rejasini amalga oshirish payiga tushgan. To‘rt tomoni baland devorlar bilan o‘ralgan hovlining qo‘shni bilan yondosh orqaravot tarafida bo‘lgan havoza orqali osilib, pastga tushish chorasini ko‘rgan. O‘zidan iz qoldirmaslik uchun oyoq kiyimini qo‘shni orqa eshigi oldidagi o‘tlar orasiga botinkasini yechib yashirib qo‘yib, oyoq va qo‘liga paypoq kiyib olgan. Havoza osha hovliga tushgan. Hovlida hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgach, pul va boylik izlay boshlagan. Dam olish xonasidagi og‘irligi taxminan 40 kilogrammgacha bo‘lgan temir seyf uning e’tiborini tortgan. O‘tkir qiyin urinishlar va ko‘p kuch sarflashi evaziga temir seyfni hovlining orqa eshigi oldigacha sudrab keltirgan. Devor va yog‘och zinalarda qirilgan va xastalangan izlar qolgan. Orqa eshikdan temir seyfni olib chiqqach, uni 500-600 metrcha uzoqlikda joylashgan o‘zining hovlisigacha olib borishga kuchi yetmasligini tushunib yetgan. Shundan so‘ng o‘z uyiga borib, seyfni ko‘tara oladigan etak topib, uni yelkasiga ko‘tarib kelgan.

Oilasidagilarning e’tiboridan chetda bo‘lgan omborxonaga seyfni olib kirib, temir uskunalar yordamida uning qulfini buzishga erishgan. Buning uchun juda ko‘p vaqt sarflagan. Seyf ichida bo‘lgan salkam 23 ming AQSh dollari hamda katta miqdordagi tilla taqinchoqlarni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

«O‘tkir Rajabov jabrlanuvchiga jami salkam 303 million so‘mlik juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan. Gumonlanuvchining yashash manzilida tintuv o‘tkazilganda, tomorqasida, tandirxonasida, hojatxonasida, shuningdek, kiyimlari cho‘ntagida  yuqorisidagi chordoqda va kiyimlarining cho‘ntagida jami 1775,61 gramm og‘irlikdagi giyohvandlik vositalari topilgan. O‘rganuvlarga ko‘ra, u ko‘p miqdordagi «Marixuanna» giyohvandlik moddasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamasdan, qonunga xilof ravishda saqlab, undan o‘zi doimiy ravishda iste’mol qilib kelgani aniqlandi»,-dei Akram Rahimov.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayblangan O‘tkir Rajabovga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.

U tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring