Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saida Mirziyoyeva: «Ayollar qishloq joylarda resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekyapti...» (video)

Saida Mirziyoyeva: «Ayollar qishloq joylarda resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekyapti...» (video)

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

BAAning Dubay shahrida 16—17-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Butunjahon ayollar forumida O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi. Quyidagi videorolikda ushbu jarayondan lavhalar keltirilgan.

U o‘z nutqida ayni vaqtda O‘zbekiston taraqqiyotida katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotgani, shu bilan birga jamiyat yangi tahdidlar bilan to‘qnash kelayotganiga ham e’tibor qaratgan.

«Bu jarayonlarning barchasida ayollar eng oldingi qatorlarda turibdi — qishloq joylarda resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekyapti. Shaharlarda esa oiladagi ayollik majburiyatlarini kasbi bilan birga bajarishda qiyinchilikka uchrayapti. Davr taqozosi bilan biz ham yaxshi ona, ham yaxshi mutaxassis bo‘lishimiz, jamiyatimning old qatorlarida yurish bilan birga oiladagi moliyaviy barqarorlik haqida qayg‘urishimiz lozim», — deydi u.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston rivojiga katta hissa qo‘shgan eski avlod vakillari bo‘lmish ayollar mamlakatdagi hozirgidek gender tengligini tasavvur ham qilishmaganini qo‘shimcha qilib o‘tgan. «Bugungidek imkoniyatlarga egaligimiz uchun onalarimiz va buvilarimiz oldida qarzdormiz. Ular erishgan natijalarni saqlab qolish barobarida keyingi avlod qizlari uchun yangi marralarga yetishimiz, stereotiplarni yengib o‘tib, bu o‘zgarishlarni kundalik hayotning bir qismiga aylantirish mas’uliyati yelkamizda turibdi», — deya qayd etgan Mirziyoyeva.

Qayd etishicha, bu yo‘ldagi eng qiyin masala — ayollarning o‘zlarini ular eng yaxshisiga munosib ekanini ishontira olishdir. «Ayollarimiz jahon taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladi. Vazifamiz — shunga zamin yaratib berish. Eng mushkul vazifa — ayollarimizning o‘zlarini ular eng yaxshisiga munosib ekanliklariga ishontirishdir. Oldimizda qiyin yo‘l turibdi, ammo bu shunga arziydi. Ayollarimizga kuch bag‘ishlash orqali biz millatimizga kuch beramiz, insoniyatni mustahkamlaymiz!» — deya o‘z nutqini yakunlagan prezidentning to‘ng‘ich qizi.

Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Dubay amirligi shayxi Manal bint Muhammad bin Rashid al-Maktum zoti oliyalari taklifiga binoan Dubayga tashrif buyurgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring