«Ruscha kiyingan» o‘zbekistonlikni Ukrainaga kiritishmadi
Kiyevning Borispol aeroportida Rossiya ramzlari tushirilgan kiyimda uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosini Ukrainaga kiritishmadi. Bu haqda «Korrespondent.net» Ukraina davlat chegara xizmatining shanba, 11-noyabrdagi xabariga asoslanib yozmoqda.
Obdon teshiruv chog‘i gap nimadaligini anglagan o‘zbekistonlik ukrain xalqidan kechirim so‘ragan, ammo bu naf bermagan.
Aytilishicha, chet el fuqarosining ustidagi kiyimlar chegara posbonlarining alohida e’tiborini tortgan.
«Sayohatchining kiyimida agressor-mamlakatning bayroq va gerbi hamda Russian national team yozuvi tasvirlangan edi. O‘zbekiston fuqarosi obdon tekshiruv uchun xizmat xonasiga taklif etildi, bu yerda u tegishlicha kiyinmaganini tushunib, ukrainaliklardan kechirim so‘radi. Biroq bu uning Ukraina chegarasini kesib o‘tishi uchun yetarli bo‘lmadi, chunki chegara nazorati paytida u tashrifdan maqsadini dalillay olmadi», — deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, xorijlik (o‘zbekistonlik), Ukrainaga o‘z fermer xo‘jaligi uchun traktor sotib olishga kelganini aytgan. Biroq so‘rov payti na fermasi haqida, na kimdan va qanday traktor xarid qilmoqchi ekanini ayta olgan.
Sayohatchining yonida qishloq xo‘jaligi texnikasi sotib olish tugul, hatto mehmonxonada tunash uchun yetadigan pul ham yo‘q edi, deyiladi xabarda. Uning yuklari sig‘imi esa Ukrainada bo‘lib turish uchun belgilangan muddatga nisbatan ancha yuqori bo‘lgan.
Oxir-oqibat «fermer» Toshkent reysi bilan ortga uchib ketgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter