Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat yo‘llandi

Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat yo‘llandi

Foto: BBC

Kuni kecha Rossiyadan 332 ming O‘zbekiston fuqarosi chiqarib yuborilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning tegishli idoralari Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining maqomlarini qonuniylashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, 2020-yil 18-aprelda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining «Yangi koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasida huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon doirasida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi diplomatik vakolatxonlari hamkorligida 2020-yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar fuqarolarimizning maqomi qonuniylashtirilgan.

Hozirgi kunda ushbu farmonga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 2021-yil 15-iyunga qadar o‘z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi.

Shunga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi bilan o‘rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo‘lgan 300 ming nafardan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ro‘yxati shakllantirildi.

«Ushbu ro‘yxatdagi fuqarolarning O‘zbekistondagi manzillari bo‘yicha mahallabay o‘rganishlar asosida uyma-uy yurib hamyurtlarimizning oila a’zolariga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yuqoridagi farmonining mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirishlar berib borilmoqda.

Hozirgi kunda ushbu tushuntirish ishlari doirasida 200 ming nafardan ortiq fuqarolar qamrab olindi. Bu tadbirlar davom ettirilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 15-iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz.

Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma’muriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish chorlari qo‘llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya bo‘limidan qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati beriladi.

Ushbu masalada yordam berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi elchixonasi va Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin», deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring