Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Reklamalar ortidagi qalloblik: millionlarni o‘zlashtirgan shaxsga hukm o‘qildi

Reklamalar ortidagi qalloblik: millionlarni o‘zlashtirgan shaxsga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudida ko‘rilgan ishda reklama bahonasida millionlab mablag‘larni o‘zlashtirgan shaxsga jazo qo‘llanildi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, “Toshkent reklama servis” davlat unitar korxonasi sobiq direktori A.I. mansabdor shaxs bo‘la turib, bir vaqtning o‘zida Toshkent shahar hokimligining reklama va axborot faoliyati bo‘yicha komissiyasining mas’ul kotibi sifatida ishlagan, deya yozmoqda O‘zA.  

A.I. 2006-yildan 2018-yilning iyul oyiga qadar mansab mavqeini suiiste’mol qilib, mulklarni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Bu borada bosh buxgalter bilan oldindan til biriktirib, ortiqcha shtat birligini tasdiqlab, 36 million 86 ming  so‘m ish haqini o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi jinoiy qilmishlarini davom ettirib, qo‘l ostidagi xodimlarning vazifalariga loqayd yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslarga tashqi reklama vositalarini o‘rnatish uchun ajratilgan “Reklama joyining pasportlari” bo‘yicha 700 qurilmaning belgilangan tartibda va muddatda o‘rnatilishi holatini o‘z vaqtida monitoring qilmagan.

Oqibatda yuridik va jismoniy shaxslardan undirilishi lozim bo‘lgan 327 million 675 ming 639 so‘m mablag‘ tarif bo‘yicha hisoblanmagan va ushbu mablag‘larni undirish choralari ko‘rilmagan.

Shu bilan birga, A.I. Toshkent shahri hududida tashqi reklama va axborot vositalarini joylashtirish hamda ekspluatatsiya qilish bo‘yicha “Toshkent reklama servis” davlat unitar korxonasi bilan o‘nlab tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha jami 91 million 773 ming 800 so‘m ustama jarimalarni tekshiruv kuniga kadar undirish choralarini ko‘rmasdan, korxona manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, A.I. 51 million 209 ming 867 so‘mlik muddati o‘tgan debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘yib, shundan 42 million 766 ming 548 so‘mini undirish choralarini ko‘rmaganligi natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.

Sudlanuvchi korxona nomidan boshqa tashkilotlarga katta miqdorda foizsiz berib ham qonunni buzgan.

Bundan tashqari, A.I. Bosh vazirning topshirig‘i bilan trassalar bo‘ylab o‘rnatilgan reklama qurilmalari olib tashlangan bo‘lishiga qaramasdan, o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib, 18 reklama qurilmasini o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ygan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi jinoiy qilmishlarini davom ettirib, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab, 684 reklama joyining pasportlariga qonunchilikka zid ravishda ma’lumotlarni noqonuniy ravishda o‘zgartirib, rasmiy hujjat hisoblangan reklama joyining pasportlariga g‘arazgo‘ylik va boshqa past manfaatlarni ko‘zlab, soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan qalbakilashtirib, ularni 90 xo‘jalik yurituvchi sub’yektga taqdim qilgan.

Buning natijasida 34 xo‘jalik yurituvchi sub’yektdan jami 29,8 million so‘m mablag‘ “Toshkent reklama servis” davlat unitar korxonasi foydasiga undirilmagan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish maqsadida jami 10 ta murojaat bo‘yicha reklama o‘rnatish uchun haqiqatda bo‘sh bo‘lgan joylarni yashirib, bo‘sh joylar haqida yolg‘on ma’lumotlar taqdim etgan.

Sud tomonidan sudlanuvchi A.I.ga jazo tayinlashda sudlanuvchining aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, yagona boquvchisi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplaganligi inobatga olindi.

Sud hukmiga ko‘ra, A.I. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismining “v,g” bandlari, 207-moddasining 1-qismi, 205-moddasining 1-qismi, 209-moddasi 2-qismining “a” bandi va 144-moddasining 1- qismi bilan aybdor, deb topildi.

Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida tayinlangan har-xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan, jinoyatlar majmui bo‘yicha A.I.ga uzil-kesil o‘tashi uchun ikki yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarini egallashdan mahrum qilish jazosi, eng kam oylik ish haqining 151 baravari miqdorida jarima jazosi, ish haqining‘ 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring