Rasman! Biometrik pasport o‘rnini ID-karta egallaydi
Prezident farmoniga binoan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab shaxsni raqamli identifikatsiya qilishning yagona tizimi joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra, biometrik pasportlar o‘rniga O‘zbekiston fuqarosining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlaydigan elektron tashuvchi qurilmaga ega hujjat sifatida ID-karta joriy etilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Biometrik pasportlar hamda yashash guvohnomalari ID-kartalarga quyidagi muddatlarda almashtiriladi:
- Birinchi bosqich - 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida (16 yoshga to‘lganda yoki qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa sabablarga ko‘ra);
- Ikkinchi bosqich - 2023-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda almashtiriladi.
O‘zbekiston fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2030-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
ID-kartalarni olish va almashtirish uchun xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilish mumkin.
Hozirgi biometrik pasportlarni rasmiylashtirish muddati 10 ish kuni bo‘lgan bo‘lsa, ID-kartalarni rasmiylashtirish esa 1 ish kunida amalga oshiriladi.
ID-karta quyidagi muddatlarga beriladi:
- yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – 2 yil muddatga;
- bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga;
- 16 yoshdan boshlab – 10 yil muddatga.
ID-kartani rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi, ya’ni 198 ming 470 so‘m (22.09.2020 holatiga) miqdorida to‘lov undiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter