Rahbaringizning qiyofadoshi bormi?
O‘zbekistondagi katta tashkilot rahbarlarining hammasi «apparatda» ishlaydimi?! Kunning qaysi paytida qo‘ng‘iroq qilsang yoki (hatto qabul kunlarida) so‘roqlab borsang ham, silliqqina qilib «Apparatga ketuvdilar» deyishadi. Kimliging va nima maqsadda kelganing haqida aniq ma’lumot qoldirasan, kerak bo‘lsa, masalani boshqa mas’ullarga tushuntirasan. Yo‘q, rahbar janoblari na javob qiladi, na e’tibor!
O‘sha – uzzukun «apparatda» bo‘ladiganlarning bir nechtasini «Munosabat» ko‘rsatuvida sayrayotganini ko‘rib qolaman. Ularning gapini eshitgan odam «Bu sho‘rlik erta-kech xalqning g‘amida, xalq orasida yuribdi ekan», deb o‘ylaydi.
Bir kuni «Munosabat» ko‘rsatuvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berilayotgan vaqtda — ayni shu ko‘rsatuvda qatnashayotgan rahbarning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildim. Kotib to‘tiqushday doimgi gapini takrorladi:
- Uzr, rahbarimiz «apparat»ga ketgandilar.
- Rahbaringizning «dvoynigi» bormi?
- Tushunmadim, uzr.
- Ayni paytda «Munosabat» ko‘rsatuvida rahbaringiz o‘zi qatnashyaptimi yoki qiyofadoshimi, deyapman. Xonangizda televizor bormi?
- ...
Kotib gap nimadaligini baribir tushunmadi. U sho‘rlik ham rahbarining «apparatga ketyapman» deganiga ishonsa kerak-da...
Dilfuza Komil
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter