Rag‘batmi yoki mazax?
Suratdagi yigit Shokir Holiqov - «Prolog» festivalining 3 karra sovrindori. Shu uchala filmining har biri xalqaro miqyosda kamida 6 tadan mukofot olgan. «Choy» 15 ta sovrin oldi, shulardan 5 tasi gran-pri. Orasida Kann festivaliniki ham bor. O‘sha sovrinlar yonida «O‘zbekkino»ning bu sovg‘asi ham ajoyib bo‘lib tursa kerak...
Shokir Kannga bormadi, o‘sha 20 kishining ichida unga joy topilmadi. 3 karra «Prolog» sovrindoriga nega joy topilmaydi? Kim bilsin endi? Kannga faqat millionlab dollar sarflab (sovurib) «Skorpion»dek «shedevr»larni suratga olganlar borsa kerak-da.
O‘tgan yili Venetsiya festivalida g‘olib bo‘lgan, ammo taqdirlanishiga o‘zlari bora olmagan bolalar haqida eshitgandik. Ammo o‘shandan keyin ular to‘g‘risida biron ma’lumot chiqmadi. Mana shu shisha sovrin bo‘lmasa, Shokir Holiqov haqida ham balki unutvorardik. Biz iste’dodlarni kashf qilmayapmiz, aksincha, so‘ndiryapmiz.
Yosh kinoijodkorlar kengashi degan tashkilot bor. Bir oyog‘i Yoshlar ittifoqida, ikkinchisi «O‘zbekkino»da turadi. Shu tashkilot NNT bo‘lsa ham, mablag‘ni davlat budjetidan oladi. Balki tashkilot rahbari chiqib yosh kinoijodkorlarni qanday qo‘llab-quvvatlayotgani, Kannga olib boradigan delegatsiyasi tarkibini qanday shakllantirishi, qanday qilib bu delegatsiyaga muvaffaqiyatsiz filmlar olsa-da Muxlisa Azizovadek rejissyorlar har yili kirib qolaverishiyu, Shokirga o‘xshagan xalqaro festival sovrindorlari nega qolib ketishini anglatar? Yoshlar ittifoqi ham bu borada tushuntirish bersa bo‘lar edi. Hali biz undan «Skorpion»ning hisobini ham so‘raganimiz yo‘q.
Yoshlarni qo‘llay olmasak, hech bo‘lmasa ola qarash bilan ularning ishtiyoqini sindirmaylik. Ular bizga kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter