Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qur’oni karim musobaqasi davom etmoqda

Qur’oni karim musobaqasi davom etmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Xabaringiz bor, 2017-yilning 1-sentabr kuni «Hazrati Imom» majmuasiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Qur’oni karim musobaqasini o‘tkazish haqida ko‘rsatma bergan edi.

Shu vaqtgacha musobaqaning tuman-shahar va viloyat bosqichlari o‘tkazildi.

G‘olib deb topilgan 139 nafar (89 nafar yigit va 50 nafar ayol-qiz) ishtirokchi musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.

Quvonarlisi, musobaqaning ilk yilidayoq ishtirokchilar soni besh yarim mingga yetdi. Bu esa xalqimizning Qur’onga bo‘lgan yuksak muhabbati va ixlosini ko‘rsatadi.

Nihoyat, bugun Toshkent shahar Talabalar shaharchasidagi «Yoshlar markazi» binosida Qur’oni karim musobaqasining respublika bosqichi boshlandi.

Musobaqani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ochib berdi. Hazrat ma’ruzasining boshida Qur’oni karim musobaqasi mo‘min-musulmonlarimiz ko‘pdan beri intiqib kutgan shodliklarni olib kelgani, qalbda mamnunlik, ko‘zda yosh ila qilingan duolar, huzurbaxsh tilovatlar sabab yurtimizga fayzu baraka yog‘ilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Qur’on o‘qish foydalari haqida oyatlardan va hadislardan namunalar keltirdi.

— Zero, Qur’on o‘qilganda mo‘min-musulmon banda butun vujudi bilan Kalomullohga some bo‘ladi. O‘qilayotgan oyatlar haqida tafakkur qiladi. Ana shunda ulug‘ ajru savoblarga erishadi. Bu haqida A’rof surasining 204-oyatida bunday deyiladi: «Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!», — deya so‘zladi muftiy hazratlari.

Shuningdek, musobaqada hamkorlik qilganligi va uni tashkillashtirishda yaqindan yordam berganligi uchun Yoshlar ittifoqi haqida iliq fikrlar bildirdi:

— Ayniqsa, diniy idoramizning doimiy hamkori bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi musobaqani o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilish taklifi bilan chiqqani bizni quvontirdi. Biz ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik. Yoshlar ittifoqi g‘oliblarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash kabi eng ulug‘ savobli ishlarni o‘z zimmasiga oldi, buning uchun albatta tashakkur aytamiz.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa yigitlar va ayol-qizlar o‘rtasida ikki yosh toifasi(18-25 yosh hamda 26-40 yosh)da o‘tkaziladi. Yigitlar o‘rtasida 21-24-aprel kunlari, ayol-qizlar o‘rtasida esa 25-26-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

Musobaqa ishtirokchilari hifz (Qur’oni karimni to‘liq yod olgan murattab qori va qoriyalar) va tilovat (Qur’oni karimni chiroyli o‘qiydigan, muvajjad qori va qoriyalar) yo‘nalishida bahslashadilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jarayonni onlayn namoyish etish uchun katta hajmdagi monitorlar o‘rnatilgan.

Musobaqa so‘ngida jami 36 nafar g‘olib aniqlanadi.

Hifz yo‘nalishida 1-o‘rin sohiblari ota-onasi bilan, tilovat yo‘nalishida 1-o‘ringa sazovor bo‘lganlar esa hamrohi bilan umra safariga borish imkoniga ega bo‘ladilar.

Musobaqaning hifz yo‘nalishida eng yuqori ball to‘plagan g‘olibga oliy sovrin — O‘zbekiston Prezidenti sovg‘asi — avtomobil taqdim etiladi.

Shuningdek, ishtirokchilar orasidan «Eng xushovoz Qur’on qoriyasi», «Eng yosh Qur’on qoriyasi» va «Matonatli qori» nominatsiyalari g‘oliblari ham aniqlanadi.

Musobaqa davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring