Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qurilmalarning 67 foizi eskirgan». «O‘zbekenergo» tanqidiy maqolaga javob qaytardi

«Qurilmalarning 67 foizi eskirgan». «O‘zbekenergo» tanqidiy maqolaga javob qaytardi

Kecha, 11-noyabr kuni «Xabar.uz» portalida «O‘zbekenergo» raisi yolg‘onchimi yoki chiroqsiz qolayotgan aholimi?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. «O‘zbekenergo» AJ mazkur maqolada ko‘tarilgan masalalar hamda elektr energiyasida vujudga kelayotgan uzilishlar sababini izohladi:

Maqola muallifi urgutlik G‘ayrat Yo‘ldosh hududda bo‘layotgan elektr energiyasidagi uzilishlar haqida gapirib, yuzaga kelayotgan muammolarni aytib o‘tgan edi. Oxirgi kunlarda respublikamizning ayrim hududlari bo‘ylab elektr energiyasida uzilishlar sodir bo‘lib turibdi. Buni turli ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot saytlari orqali o‘qib turibmiz. E’tibor beradigan bo‘lsak, bunday uzilishlar va avariyaviy o‘chishlar har yili kuz-qish mavsumiga o‘tish davrida takrorlanib turadi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Sir emaski, mamlakatimizda ishga tushirilgan energetik qurilmalar o‘tgan asrning 30-yillarida ishga tushirilgan bo‘lib, ularning deyarli 67 foizi eskirgan va ishlab chiqarish quvvatlari kamaygan.

O‘zbekiston elektr energetika tizimi korxonalari oldida elektr energiyasini ta’minlashda aholi tomonidan energotejamkor bo‘lmagan va qo‘lbola usulda yasalgan isitish jihozlari hamda boshqa nostandart elektr yordamida ishlaydigan jihozlardan foydalanish avariyaviy uzilishlarni keltirib chiqarmoqda. Ammo «O‘zbekenergo» AJ tomonidan aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi faqatgina xonadonlarni yoritish hamda maishiy texnikalarni ishlatish uchungina yetkazib berilishini yodda tutmog‘imiz lozim.

Shuningdek, «O‘zbekenergo» AJ qaysidir hududda yoki xonadonda ataylab elektr energiyasining uzilishidan manfaatdor emas. Sababi, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bir vaqtning o‘zida tovar hisoblanadi. Uning sotilishidan kelib tushgan mablag‘ esa bozor qonunlariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchining foydasi hisoblanadi.

Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonidan elektr energetika sohasini bosqichma-bosqich rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va sotish tizimida jahon tajribalariga mos iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasini hosil qilishga doir loyihalarni qisqa muddatlarda amaliyotga jadal joriy etish borasida keng islohotlar amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekenergo» AJ tomonidan «Obod qishloq» hamda «Obod mahalla» davlat dasturlari asosida o‘z mablag‘lari va jalb etilgan xorijiy investitsiyalar orqali butun respublika bo‘ylab rekonstruksiya va modernizatsiya ishlarini amalga oshirmoqda.

Ushbu ishlarni yanada jadallashtirish va iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 23 oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori «O‘zbekenergo»AJ zimmasiga bir qator ustuvor vazifalar yukladi.

Qarorga ko‘ra jamiyat tomonidan mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSh dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt bo‘lgan 7ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish hamda jalb qilinadigan kreditlar va «O‘zbekenergo» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2 500 ta transformator punktini o‘rnatish va modernizatsiya qilish belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va iste’molini nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ham tasdiqlandi. Mazkur hujjatga asosan yaqin yillarda respublikamizning barcha hududlarida sohada mavjud barcha kamchiliklar bartaraf etiladi.

Albatta, bunday ishlarni amalga oshirish mablag‘, vaqt va katta ish kuchini talab etishini hisobga olsak, hozirgi kunda hududlarimizda vujudga kelayotgan uzilishlar ham vaqtincha ekanligini hisobga olmog‘imiz lozim. Amalga oshirilayotgan bunday islohotlar natijasida bugungi kundagi uzilishlar va avariyaviy o‘chishlar tarixga aylanishi, shubhasiz, — deyiladi «O‘zbekenergo» AJ izohida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring