Qozog‘istonda yongan jasadlarning shaxsi qanday aniqlanmoqda?
Shu kunlarda O‘zbekiston xalqi og‘ir pallalarni boshidan o‘tkazmoqda. Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobusida yong‘in chiqishi oqibatida 52 nafar odam tiriklayin yonib ketganini o‘ylashning o‘zi dahshat! Ularning yaqinlariga sabr tilashdan boshqa choramiz yo‘q.
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘i bilan maxsus hukumat komissiyasi tuzilib, ularga omon qolganlar va marhumlarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish vazifasi topshirilgan edi.
Bugun bu borada bir qator amaliy ishlar qilindi va natijaga ham erishildi. Yong‘inda halok bo‘lgan 28 nafar yurtdoshimizning shaxsi aniqlandi, omon qolgan 2 nafar vatandoshimiz holidan xabar olindi. Achinarlisi, ularning barchasi Namangan viloyatidan.
Shaxsi aniqlanganlarning birlamchi ro‘yxatida 29 nafar odamning ism-familiyasi keltirilgan edi, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, avvaliga shunday edi. Lekin keyinroq FVV saytida bu son 28 ta bo‘lib qoldi. Biz ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida va shaxsni qanday aniqlash haqidagi savol yuzasidan FVV axborot xizmati bilan bog‘landik.
Tahririyatimizga ma’lum qilishlaricha, Namangan shahridagi fuqaroning shaxsini aniqlashda biroz qiyinchilik tug‘ilgan. Bunga va qolgan jasadlarning ham shaxsiga aniqlik kiritiladi. Hozirda Toshkent shahrida maxsus sud-tibbiy ekspertiza guruhi tuzilgan bo‘lib, O‘zbekistonga olib kelingan jasadlarning qolgani haqida ham to‘liq ma’lumot beriladi.
Shuningdek, fuqarolarning shaxsini aniqlashning usullari va yo‘llari ko‘p, deydi FVV axborot xizmati xodimi. Ayni fojia bo‘yicha jasadlarning shaxsiga DNK tekshiruvi orqali aniqlik kiritilmoqda.
Biz ularni ko‘p chalg‘itishni istamadik, shundoq ham hozirda juda band. Yaqin soatlar ichida Qozog‘istondagi samolyot O‘zbekistonga uchib keladi va shunda batafsil ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati Irg‘iz tumanida avtobusda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan va 5 kishi jabrlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter