Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qozi»dan hukm bo‘lmasa, ijrochiga ish qayda?

«Qozi»dan hukm bo‘lmasa, ijrochiga ish qayda?

Foto:«Xabar.uz»

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbar xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan brifingda ko‘pam uchramaydigan holat kuzatildi. Ya’niki, tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan ko‘ra MIB vakillari son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etdi.

Nega? Bu jurnalistlarning «savollar bo‘roni»ga nisbatan muhofazasi chorasimi yoki boshqa sababi bormi?

Ayni savol tadbir yakunida yangradi baribir. Avvaliga MIB mutasaddilari «bundan o‘zimizam hayronmiz» deyishdi. Bunday qisqa izohdan tadbirdagi sanoqli jurnalistlarning «qorni to‘ymagani»ni anglagach, kengroq sharh berildi: rosti, bu tadbirga ancha kun tayyorlandik, bizga jurnalistlar «talab tashlashlari» aytilgani bois ko‘proq xodimlar bilan tashrif buyurdik, toki, so‘ralgan har bir savolga (byuroning tegishli boshqarma va bo‘lim xodimlari bilan birga) kengroq ma’lumot beraylik, deb... Pirovardida oydinlik kirdi: tadbirga bir kun qolganda uning vaqti o‘zgargani MIB va OAV vakillari o‘rtasidagi son jihatdan tengsizlikni yuzaga keltiribdi.

Foto:«Xabar.uz»

Mayli, nasib-da, qolaversa, gap sondamas, sifatda. Shunga qaramay tadbir chakki o‘tgani yo‘q: savol-javoblarga boy, goh keskin, goh sokin ohangda o‘tgan muloqotda MIB mutasaddilari yaxshigina «terlatildi». Ayniqsa, ijro jarayonidagi turli yoqimsiz holatlar gap ketganda MIB direktori o‘rinbosarlardan biri biroz xunob bo‘lib shunday dedi: «To‘g‘ri tushuninglar, biz sud qarorini muhokama qilmaymiz, uni ijro etamiz. Vazifamiz shu. Sud qarori to‘g‘ri bo‘ladimi, noto‘g‘ri bo‘ladimi, u qonuniy kuchga kirib, ijroga qaratilibdimi, tamom - ijro etishdan boshqa chora yo‘q. Demakki, sud qaroridan kim norozi bo‘lsa, e’tirozini bizgamas, yuqori sudga bildirilishi kerak». So‘ng fikrini obrazli qilib tushuntirishga o‘tdi: gap jalloddamas, qozida, axir?!

O‘xshatish biroz qo‘polrog‘-u ammo joyiga tushdi! Rostiyam shu-da: qozidan fatvo bo‘lmasa ijrochiga ish qayda?!

Shuni yozish shartmidi?

Shartday. Negaki, birinchidan, o‘xshatish sabab yuzaga kelgan jo‘shqin muhit ochiq muloqot samimiy va ishchan ruhdan o‘tganini bildiradi. Ikkinchidan, bunday qiyosni yozmaslik muxbir uchun hammomga kirib, cho‘milmay chiqishdek gap.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring