Olis tumanda ilk bor to‘xtab turgan yurakda ochiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Samarqand viloyatining olis hududi — Qo‘shrabot tumanida to‘xtab turgan yurakda ochiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bunday operatsiya viloyatda ilk bor tuman miqyosida bajarildi, deya xabar bergan SSV matbuot xizmati.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiali mutaxassislari boshchiligida bir hafta davomida Qo‘shrabotda tibbiy ko‘riklar tashkil etilgan.
Natijada 2000 nafar aholi vakili skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, ularning 300 nafarida turli yurak-qon tomir kasalliklari aniqlandi. 57 nafarida esa kardioxirurgik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Xususan, tibbiy ko‘rik vaqtida shoshilinch kardioxirurgik amaliyotga muhtoj 5 nafar fuqaro tanlab olinib, ularning 3 nafarida mazkur operatsiya muvafaqqiyatli bajarildi.
Quvkalla mahallasida yashovchi Munisa Ahmedovaning qiziga ham yurak nuqsoni tashxisi qo‘yildi. Kasallik operatsiya orqali bartaraf etilishi ma’lum bo‘lgach, bemor jarrohlik stoliga yotqizildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh shifokori Maqsud Saidovning ma’lum qilishicha, tibbiy ko‘rikda yurak operatsiyasiga muhtoj deb topilgan 60 nafarga yaqin qo‘shrabotlik bemorning barchasi shu yerning o‘zida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter