Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlarsiz sessiya — shunaqasiyam bo‘ladimi?..

Deputatlarsiz sessiya — shunaqasiyam bo‘ladimi?..

Illyustrativ surat

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidan g‘alati-g‘alati xabarlar kelmoqda. Emishki, xalq deputatlari tuman kengashining 34-sessiyasi qog‘ozda o‘tkazilgan, xolos. Amalda mahalliy kengashga saylangan jami 29 nafar deputatning aksariyati bu tadbirdan bexabar qolgan?

Shu yilning 13-sentyabr kuni xalq deputatlari Qo‘shrabot tuman kengashining 33-sessiyasi o‘tkazilgani bor gap. Unda hokim o‘rinbosari B.Musurmonov axborot berar ekan, tumanda «Sohibkor», «Zarmitan», «Sorigul» mahalla fuqarolari yig‘inlarini tashkil etish masalasini ilgari suradi. Sessiyada ushbu masala muhokama etilar ekan, uzil-kesil qaror qabul qilish keyingi yig‘ilishga qoldiriladi. Bu hol kun tartibidagi masala deputatlar tomonidan ko‘pam ma’qullanmaganini anglatadiki, xalq vakillari ancha faollashib qolibdimi, degan xayolga borasan kishi. Rost-da, aksariyat mahalliy kengash deputatlari bu kabi yig‘ilishlarda, kun tartibiga qanday masala qo‘yilmasin, qo‘l ko‘tarib, tasdiqlashdan nariga o‘tmasligi kimga sir edi?!

Qisqasi, xalq deputatlari Qo‘shrabot tuman kengashining 33-sessiyasi shu tarzda nihoyasiga yetdi va bu haqda tumanning «Istiqbol sari» gazetasida (2018-yil 15-sentyabr, 19-son) tegishli axborot chop etildi.

«Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, shundan keyin boshqa sessiya o‘tkazilgani yo‘q.

Shu yilning 1-noyabr kuni «Istiqbol sari» gazetasida «Tuman kengashi sessiyasi» sarlavhasi ostida navbatdagi axborot chop etiladi. Unda xalq deputatlari Qo‘shrabot tuman kengashining 34-sessiyasi bo‘lib o‘tgani va avvalgi yig‘ilish (ya’ni 33-sessiya) kun tartibiga qo‘yilgan masala — uchta mahalla fuqarolari yig‘ini tashkil haqida qaror qabul qilingani aytiladi. Biroq xabarda sirli 34-sessiya qachon — qaysi sanada bo‘lib o‘tgani ochiqlanmaydi. «Xabar.uz» manbasining ta’kidlashicha, gazeta xabari tuman hokimligi tashkiliy ishlar va kadrlar guruhi rahbari O.Shirinov taqdim etgan tayyor qaror nusxasi asosida yozib chiqarilgan, «bo‘lib o‘tgan» sessiyada tahririyatdan hech kim ishtirok etmagan.

Qog‘ozda «o‘tkazilib», amalda bo‘lib o‘tmagan 34-sessiya haqida gap-so‘zlar urchib ketgach, hokimlik mas’ul xodim O.Shirinov ayrim deputatlardan go‘yoki «sessiyada qatnashgani» haqida tilxat yig‘ishga tushgani aytilmoqda. Vaholanki, sessiyada tumandagi to‘rtta siyosiy partiya rahbarlari qatnashmagani haqiqat ekanini manbamiz alohida qayd etmoqda.

...Xalq deputatlari Qo‘shrabot tuman kengashi raisi (ayni vaqtda tuman hokimi) H.K.Oqbo‘tayevning jur’atiga tasannomi? Axir deputatlarsiz sessiya o‘tkazib, qaror qabul qilishning o‘zi bo‘ladimi? Xalq saylagan vakillarning qulog‘iga lag‘mon ilib, shu orqali butun tuman aholisiga qanday «hurmat» bajo keltirilganini tassavvur qilyapsizmi?

Bu nima, «o‘zim xon — ko‘lankam maydon» deyishning navbatdagi usulimi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring