Qo‘shib yozish «elga kelgan to‘y»mi?
Joriy yilning 2 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu videoselektordan olingan lavha aylanib yuribdi. Unda «O‘zAvtoyo‘l» rahbari Abdurahmon Abduvaliyevdan prezident Shavkat Mirziyoyev jami yo‘llarning qancha qismida to‘rt, ikki qatorlik daraxtlar ekilgan, deya so‘radi.
«Balansimda 42 853 km yo‘l bor. Hozirgi kunda ikki, to‘rt qatorlik daraxt ekilgan 1 253 km yo‘l mavjud»,— deya ta’kidladi Abduvaliyev.
Shundan so‘ng Mirziyoyev bu hisob jami yo‘llarning necha foizini tashkil qiladi, deb so‘raganida «O‘zAvtoyo‘l» rahbari 10 foizni tashkil qiladi deya javob beradi. Prezident hayratda qoldi va «Matematikani qayerda o‘qigansan?», deya so‘radi. So‘ng Ramatovga yuzlandi, Ramatov esa o‘z navbatida «O‘zAvtoyo‘l» rahbari «qovuni»ni «yopishga» kirishdi. Butalar bilan hisoblaganda 10 foizni tashkil qiladi, deb javob berdi u...
Prezident ishtirokida 2021 yil 12 may sanasida makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari shunday degan edi: Biz paxtada «pripiska»ni yo‘q qildik, lekin sanoat tarmoqlarida qo‘shib yozishni yo‘q qilolmayapmiz. Bu nima degan gap? Hokimlar tanish-bilish qilib, sherik bo‘lib asl holatni berkitishyaptimi? Prognozni bajarolmasa, nega rahbar bo‘lib o‘tirishi kerak?
Shuningdek prezident mamlakatda sodir bo‘lgan chang bo‘ronidan so‘ng o‘tkazgan videoselektorida shunday degan edi: viloyat, tuman va shahar hokimlari uch kun muddatda «Yashil makon» dasturi bo‘yicha o‘zining hududida xalqqa murojaat qiladi, Prezident va Senatga qilingan ishlar haqida har oyda hisobot beradi. Shunday qilsak qo‘shib yozish, raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish va pala-partish qilingan ishlar o‘z-o‘zidan bilinib qoladi.
Qo‘shib yozish degan muammo borligini hamma biladi, aslida bu yaxshi oqibatlarga olib kelinmasligi ham barchaga ayon, biroq ishini vaqtida bajara olmagan rahbarlar mansabidan ayrilib qolmaslik uchun qo‘shib yozishga kirishadi. Achinarlichi, bu hisobotlar necha qo‘ldan o‘tsa, shuncha qo‘shilish holati ko‘p sodir bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter