Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Zaxarovaning chiqishiga munosabat bildirdi

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Zaxarovaning chiqishiga munosabat bildirdi

Foto: Interfaks

1989 yil 21 oktyabrda, O‘zbekiston hali o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritmay turib ajdodlarimiz uzoq yillar orzu qilib, intilib va kurashib kelgan Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ushbu tarixiy hujjatga ko‘ra, o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.

Istiqlol yillarida o‘zbek tili tom ma’noda davlat tili maqomiga erishib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mamlakatda davlat tili o‘zbek tilidir, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. Aynan mazkur konstitutsiyaviy tamoyilning amalda ta’minlanayotganini so‘nggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlari misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, bu borada davlat va hukumat tomonidan qator amaliy sa’y-harakatlar qilinmoqda. Xususan, joriy yil 10-apreldan kuchga kirgan qonun bilan 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Undan avvalroq esa, mamlakat Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, mazkur sana munosabati bilan o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar tasdiqlandi va izchil amalga oshirildi. Bunda dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat eknaligiga alohida e’tibor berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan esa, hukumat tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinganini ham alohida qayd etish joiz.

Aynan ushbu farmon bilan bir qator tashkilotlar qatori «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va keng jamoatchilikning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21-oktyabr sanasini «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangani ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon qildi.

O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» Farmonining qabul qilinishi ham tilga berilayotgan e’tiborning har tomonlama kuchaytirishga qaratilib, bu borada ilmiy asoslarni ham mustahkamlash nazarda tutildi.

O‘zbek tiliga berilayotgan alohida e’tibordan ruhlanib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ham turli davralarda aynan o‘zbek tilida so‘zlab, ma’ruzalar qilayotganliklarini ham bu boradagi islohotlarimiz samarasi sifatida baholash mumkin.

Shu o‘rinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan bildirgan fikrlari asossiz va bir yoqlama ekanini ta’kidlamoqchimiz. Binobarin, o‘z zaminida 130 dan ortiq millat va elatni birlashtirib, tinchlik-xotirjamlikda, hamjihatlik va totuvlikda hech qanday millatchilik va shovinizmga yo‘l qo‘ymasdan, barcha millat vakillarining tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlab, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratib kelayotgan O‘zbekistonga nisbatan bunday o‘rinsiz iddao xalqaro huquqiy normalarga mutlaqo mos kelmaydi.

M.Zaxarovaning aytishicha, O‘zbekistonda rasmiy idoralarda o‘zbek tilida ish yuritishga qaratilgan qonun loyihasining tarafdorlari go‘yoki kamchilikni tashkil etayotgan emish. Shuning uchun rus tilini rasmiy doiralarda to‘laligicha saqlab qolish Rossiyada ishlash va o‘qish qarorini qabul qiladigan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘g‘ri kelarmish.

Afsuski, M.Zaxarova bu so‘zlariga hech qanday isbot va dalil keltirmagan, keltirolmaydi ham. Boisi, mazkur qonun loyihasi xalqimizning katta qismi, shu jumladan, O‘zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan boshqa millat vakillari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda va uni takomillashtirishga oid yuzlab takliflar bildirilmoqda.

Qolaversa, boshqa davlat tashqi siyosat idorasi mas’ul shaxsining ushbu mavzuga aralashuvi na diplomatik, na siyosiy etika va axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, qonun qabul qilish bu har suveren davlatning o‘z ichki ishi sanaladi.

Shunday ekan, O‘zbekiston ham o‘z ichki siyosatini o‘zi mustaqil ravishda belgilashga, mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro standart va normalarga uyg‘un tarzda eng asosiy milliy huquqiy hujjatining normalarini mamlakat hududida to‘liq joriy etishga har tomonlama haqli. Bundan kim yoki kimlar manfaatdor ekani ham O‘zbekiston fuqarolariga, ya’ni xalqimizga havola.

Eldor Tulyakov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring