Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Qochoq, migrant va turist (birinchi qism)

Qochoq, migrant va turist (birinchi qism)

Foto: «Sputnik»

Qochoq

Biz ba’zan turistlarga havas qilamiz. «Ularga maza» deymiz. Migrantlar haqida gap ketsa ikkiga bo‘linamiz. Birlarimiz «Ajab bo‘libdi, ayb o‘zlarida, o‘z yurtida shukur qilib yurmaydimi?» desak, boshqalarimiz «Ular majburlikdan ketgan, ularga ham oson emas» deymiz. Qochoqlarga kelganda esa tabiiy ravishda ko‘pchiligimizning rahmimiz keladi. Lekin bu uchala toifadagi insonlar kimlar deb so‘ralsa, buni nafaqat tushuntirib bera olmaymiz, balki o‘zimiz ham yaxshi tushunmaymiz.

Ma’lumot uchun: 2017-yilda dunyo bo‘ylab 1,5 milliard turist sayohat qilgan, 2000-yildan beri taxminan 200 millionga yaqin migrant o‘z yurtini tashlab boshqa yurtlarga ketgan va 2008-yildan beri taxminan 185 million kishi qochoqlik azobini tatib ko‘rgan. Hayratlanarli darajada katta sonlar, to‘g‘rimi?

Men imkonim va bilimim darajasida bu uchala toifaning kimligini tushuntirib berishga harakat qilaman.

Yaqinda fransuz rejissyori Matyo Kasovits 1 daqiqa 38 soniyalik video taqdim etdi. Videoda baxtli yevropalik oila tasvirlangan (yevropaliklarga ta’sir qilishi uchun ataylab yevropalik oila tasvirlangan). O‘rta yoshlardagi ota va ona, ularning ikki-uch yoshlardagi qizi va olti-yetti yoshlardagi o‘g‘li. Ular hazil-huzul bilan dasturxon atrofiga o‘tirayotganlarida elektr rozetkasida qisqa tutashuv yuz berib, rozetka yonida turgan o‘yinchoq ayiqchaga uchqun tegib, yong‘in yuz beradi. Qo‘shni xonada chiqqan yong‘in kattalashib, oila yong‘inni ko‘rgan paytida uyning ancha qismi olov ichida qolib bo‘lgan bo‘ladi. Shunga qaramasdan oila tobora yaqinlashib kelayotgan yong‘indan joni boricha qochib tashqariga chiqadigan eshik tomon yuguradi. Shoshgancha eshikni ochsalar, eshikning tashqarisi nimagadir qalin beton devor bilan yopilib qolgan.

Ular jon-jahdi bilan devorni urib, odamlarni yordamga chaqiradilar. Lekin hech kim yordamga kelmaydi. Nihoyat ularning ustiga olov bostirib kelib, o‘limdan qutulishning iloji qolmaydi. Ular taqdirga tan berib bir-birlarini quchgancha... (yonib ketadilar). Tabiiyki, qavs ichida yozganim videoda tasvirlanmagan. Lekin videodan bu narsa tushunib olinadi.

Qochoqlarning vaziyati mana shu bo‘ladi. Insonlar baxtli yashab yuradi va bir kuni kutilmaganda ularning boshiga qayg‘u tushadi va hayotiga o‘lim sharpasi raxna soladi. Bu xuddi videodagi kabi olov xavfi yoki urushlar, suv toshqini, vulqon otilishi, bo‘ron, to‘fon va hokazolardan keladigan xavf bo‘lishi mumkin. Shunday paytda bu insonlar o‘z uyini (davlatini) tashlab chiqishga va qo‘shni davlatlarga borishga majbur bo‘ladi. Ana shu paytda davlatlar orasidagi chegaralar videodagi beton devorga o‘xshab insonlarning yo‘lini to‘sadi. Shu lahzada o‘z yurtidan Turkiyaga, Yevropaga va boshqa davlatlarga qochayotgan suriyaliklarni ko‘z oldingizga keltirsangiz, gap nimadaligini tushunib olasiz. Bir tomondan ularni radikal jangarilar o‘ldirmoqda, boshqa tomondan esa ularning ustiga bombalar tashlanmoqda. Ular esa o‘lmaslik uchun boshqa davlatlarga qochaman desa, qabul qilishni xohlamaydilar. Juda tushunarli bo‘lishi uchun 2010 yili Qirg‘iziston o‘zbeklarining boshiga tushgan ko‘rgiliklarni eslashingiz mumkin. Shunday paytlarda qaysidir davlatlar «beton devor»ni ochsalar, qaysilaridir Vengriyaga o‘xshab beton devorning ustiga yangi devor qurib oladilar.

Qochoqning yuridik ta’rifiga keladigan bo‘lsak, u 1951 yilda Jenevada qabul qilingan xalqaro konvensiya doirasida qabul qilingan. Mazkur konvensiyaga binoan «Qochoq — irqi, dini, millati, biron-bir ijtimoiy guruhga tegishliligi yoki siyosiy qarashlari uchun ta’qib qilinayotgan insondir». Ya’ni insonga qochoq maqomi berilishi uchun yuqorida sanab o‘tilgan ta’qiblar mavjud bo‘lishi kerak. Lekin hozir yana bir holat yuzaga kelganki, uning o‘ziga xosligi rasmiylarni va olimlarni o‘ylantirmoqda.

Olimlar «iqlim qochoqlari» degan, kimlardir esa «iqlim migrantlari» va boshqa iboralarni ishlatmoqda. Hozir har yili taxminan 20 million kishi ekologik sabablarga ko‘ra yashash joyini o‘zgartirayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2050 yilga borib 200 million kishidan ortib ketishi mumkin deyilmoqda.

Qadimdan ekologik o‘zgarishlar tabiiy ravishda yuz berib kelgan va bu insonlarning o‘z yurtini tashlab ketishiga, ba’zan butun boshli davlatlar va hatto sivilizatsiyalarning (shumerlar) yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lgani kuzatilgan. Davlatlarga o‘zimizdan qadim Xorazm davlatining afrig‘iylar sulolasi davrini misol qilib keltirish mumkin. Amudaryo o‘z o‘zanini o‘zgartirib, suv bormay qolishi natijasida afrig‘iy xorazmshohlar davlatidagi (hozir Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston hududida) yuzlab qal’alar tashlandiq holga kelib qolgan.

Sanoat inqilobidan hozirga qadar zavod va fabrikalarning, transport (avtomobil, samolyot va h.) va boshqalarning atmosferaga zararli gazlar chiqarishi oqibatida dunyoda notabiiy ravishda iqlim o‘zgarishlari yuz bermoqda. Masalan, bir tarafdan Grenlandiyadagi muzlarning erishi okeanlarning sathi ko‘tarilishiga olib kelishi, natijada insonlar yashayotgan hududlar — orollar, viloyatlar va ba’zan davlatlar (Bangladesh) suv ostida qolib ketishi hech gap emas. Boshqa tomondan esa Pomir tog‘idagi muzliklarning me’yoridan tez erishi Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilikka sabab bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri, suv sathi ko‘tarilishi tufayli o‘z hududini tashlab ketadigan insonlar yuqoridagi qochoq degan ta’rifga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin tabiat ta’qib qilayotgan insonlarning ham qochishdan boshqa iloji bo‘lmasligi mumkin. Masalan, taxminan Tojikistonday maydondagi (143998 km²) Bangladeshda hozir salkam 165 million aholi yashaydi. Taxminan 2050 — 2100-yillarga borib Bangladesh qisman (va hatto butunlay) suv ostida qolishi mumkin ekan. Dunyodagi minglab orollarning qismati ham shunday bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Endi tasavvur qiling, shunday paytda bangladeshliklar Hindiston, Xitoy yoki O‘zbekistonga qochib kelsa, ularning maqomi qanday bo‘ladi?

Xuddi mana shunday holat Afrika qit’asining bir nechta joyida ham kuzatilishi mumkin. O‘zi shundog‘am irqchilik, qashshoqlik, savodsizlik, urushlardan aziyat chekadigan afrikaliklar Yevropaga borsa qabul qilinmaydi, Afrikaning boshqa davlatlarida qulga aylantiriladi, Osiyo esa uzoqda.

Xullas, «iqlim qochqinlari» muammosi kelajakda global muammoga aylanishi mumkin. Dunyoning boy davlatlari, jumladan Xitoy, AQSh va Yevropa mamlakatlari o‘z kelajagini o‘ylab geostrategik loyihalarni amalga oshirmoqdalar. Ayrimlar yashirincha 100 yillardan keyin yuz beradigan yangi geosiyosiy urushlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayrimlar boshqalarning hududiga ko‘z tikkan holatlar ham kuzatilmokda.

Bu jarayonlar shunchalik ko‘rinmas, shunchalik shafqatsizki, «aqli bor davlatlar» faqat bugunning g‘ami bilan o‘ralashib qolmasdan kelajak haqida ham o‘ylashni boshlaganlar.

O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlarida suv ostida qolish xavfi yo‘q bo‘lishiga qaramasdan, ularda boshqa ekologik muammolar mavjud. Lekin geosiyosiy tomondan kelajakda 5 ta davlat butun Yevropaning hududiga teng hududni egallab olganligi ayrim davlatlarning hasadini keltirib, «ishtaha»sini ochib yuborishi mumkin. Mana shundan kelib chiqib, men hozir mintaqamizda yangitdan yuz ochayotgan do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlayman. Bizlar, Markaziy Osiyo davlatlari faqat o‘zimizni o‘ylamasdan, umumiy kelajagimizni ko‘ra olishimiz va yuz berishi mumkin bo‘lgan voqea va hodisalarga tayyor bo‘lishimiz kerak deb o‘ylayman.

Darvoqe, «g‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish». Dunyoda hech kimning boshiga qochoqning kuni tushmasligini tilaymiz. Mobado shu muammo bilan yuzma-yuz keladigan bo‘lsak ham inson nomiga munosib yo‘l tutishimiz va «beton devor» ortida hayoti xavf ostida qolgan insonlarning o‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shart.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring