Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qiziqarli va «sehrli» kuchga ega qaror: To‘ylarni tartibga solib bo‘ladimi?

Qiziqarli va «sehrli» kuchga ega qaror: To‘ylarni tartibga solib bo‘ladimi?

Parlament palatalari Kengashlarining «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori Senatda tasdiqlandi. Kuni kecha ushbu qaror ijrosiga qaratilgan nizom internetda tarqaldi.

Ijtimoiy munosabatlarning tarkibiy qismlari bo‘lgan huquqiy va axloqiy munosabatlarning o‘ziga xos tabiati bor. Misol uchun axloqni har kim har xil tushunadi. Kim uchundir odob-axloq muhim bo‘lsa, ayrimlar uchun aksi bo‘lishi mumkin.

To‘yda likillab o‘yinga tushgan kelin-kuyovni xatti-harakati kim uchundir axloq normalariga mos emas, kim uchundir esa buning aksi. Shu va shunga o‘xshash munosabatlarni faqat va faqat tushuntirish, tashviqot-targ‘ibot yo‘li bilan bartaraf etish mumkin. To‘yda puldan «pulchambar» yasab kimningdir bo‘yniga ilib qo‘yish bu huquqbuzarlik — milliy valyutaga nisbatan hurmatsizlikdir.

Udumga kirgan to‘yni ssenariysidan tortib, boshqa ikir-chikirlarigacha huquqiy normalar orqali kurashishga to‘g‘ri keladigan holatlar ham bor. Masalan: fotograf, san’atkor yoki boshqa xizmat ko‘rsatuvchi, shuningdek, ish bajaruvchi davlat tomonidan o‘rnatilgan soliqlarni to‘lamaganlik uchun, to‘yxona va restoran egasi esa, daromadlarini yashirganlik uchun, to‘y qiluvchi daromadlarini legallashtirganlik, deklaratsiya qilmaganlik uchun, haydovchi litsenziya olmaganlik uchun va hok.

Bularning barchasi aslida amaldagi qonunlarimizda tartibga solingan. Biroq, shu qonunlarni ijrosini ta’minlashni uddalay olmayapmiz. Qani har bir tizim o‘ziga yuklatilgan yuqoridagi holatlarga qarshi kurashishni zimmasiga olganda, mas’uliyatni his etganda, senat ijroni ta’minlashdek qator ijro hokimiyatining vakolatiga oid masalalarni o‘ziga olmas va bunday qaror va nizom ishlab chiqmas edi.

Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, davlat xizmatchilari uchun daromadlarning kuchli deklaratsiya tizimini va ijro mexanizimini joriy etmasdan, ro‘yxatsiz biznesni imkon qadar bartaraf etmasdan, qora bozorni cheklash choralarini ko‘rmasdan turib, bunday tartib qoidalarni joriy qilish, bino fundamentini qurmasdan avval devorini ko‘tarib, tomini yopishga kirishish kabidir.

Sir emas, jamiyatdagi munosabatlar axloq normasi yoki huquq normasi bilan tartibga solinadi. Xo‘sh, to‘y va marosimlardagi dabdababozlik kabi ma’naviy masalalar qaysi bir norma bilan tartibga solinadi? Albatta, jamiyatda o‘rnatilgan axloq normalari asosida. Bordi-yu huquq, majburlov normalari asosida tartibga solinsa, aholining ayrim haq-huquqlariga zid bo‘lib, kutilgan natijani ham berishi amrimahol.

Asosiy qonunimizning 54-moddasida mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi deb belgilangan. Agar ma’lum bir mablag‘ va puli bor kishini biz o‘sha mablag‘ yoki pulning egasi, mulkdori deb hisoblasak, unda mablag‘ni to‘yga sarflamoqchi kishiga qandaydir bir tarzda cheklov qo‘yish huquqiga hech kim ega emas. Hatto Senat ham. Qachonki, Konstitutsiyamizning yuqoridagi kabi normalari amalda bo‘lsa.

Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, Senat qarori yurtimizning markaziy shaharlari yoki aholining ma’lum bir toifalari uchun chiqarilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, ko‘pgina hududlarda bo‘ladigan to‘ylarga amalda ham 200 nafar, oshlarga 250 nafar kishi ishtirok etmaydi. Misol uchun, respublikamizning mehnat muhojirlari faol bo‘lgan 54 ta tumandagi qator qishloqlar yoki mahallarda oshga 100 kishi kelsa, to‘y egasi xursand bo‘ladi. Agar do‘ppini boshdan olib chuqur o‘ylab ko‘rilsa, ayni paytda aholining juda katta qismi to‘y va marakalarni dabdababozlik, isrofgarchilik va shuhratparastlik bilan o‘tkazmasligi ma’lum bo‘ladi.

Qarorni o‘qib, yana quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

  • to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bitta guruhda bir necha xonandalar birlashishi mumkinmi? Qarorning bu normasi ham tushunarsiz;
  • qarorning dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni («yetti», «payshanbalik», «yigirma», «qirq», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi band, albatta, ushbu marosimlar xurofiy bo‘lib, din arkonlariga ham mos kelmasligi mumkin. Shu bois, mazkur marosimlar musulmonlar idorasi fatvosi yoki Din qo‘mitasi faol tashabbuslari asosida yoxud boshqa diniy tashkilotlar tomonidan targ‘ibot-tashviqot vositasida bartaraf etilsa maqsadga mumvofiq bo‘lar edi. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun);
  • shuningdek, qaror va nizom matniga bir ko‘z yugurtirilsa, bu hujjat o‘zbek millati uchungina chiqarilgan degan mulohazaga kelasiz. Vaholanki yurtimizda 132 ta millat va elat vakillari yashashadi.

Aholi ongini o‘zgartishga da’vogar — «sehrli» qaror:

  • to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi deb belgilangan. Zero, shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka («kelin navkari», «chorlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish», «pul sochish» va hokazolarni) yo‘l qo‘ymaslik, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish – bularning bari inson ongi, dunyo qarashidagi omillar bilan bevosita bog‘liq;
  • bu ortiqcha xarajat va tadbirlar albatta qaror bilan emas, balki  daromadlarning kuchli deklaratsiya tizimi, soliq sohasini jiddiy takomillashuvi, uning samarali ijro mexanizmi hamda vaqt mashinasining harakati jarayonida aholi ongi va dunyoqarashida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar bilan asta-sekin o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lib, mohiyati ham shakl-shamoyili ham o‘zgarib boraveradi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas, bu — aksioma.

Qaror va nizom kuchga kirishi bilan kutiladigan natija:

  • ushbu hujjatlar kuchga kirishi bilan olti oy, bir yil, keling mayli ikki yilcha butun OAV, ijtimoiy tarmoqlarda namunaviy to‘y va marakalar o‘tayotganligi, aholi bundan juda mamnunligi haqidagi ko‘plab chiqishlar bo‘ladi;
  • qarorning dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlashga oid band o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi;
  • to‘ylarda transportni tartibga solish haqidagi, to‘y va marosim va tadbirlarni o‘tkazish vaqti yuzasidan ham normaning ijrosi katta ehtimol bilan ta’minlanadi;
  • to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 va undan ortiq shaxs ishtirokida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran, san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar)  o‘rtasida shartnoma tuzish va budjetga pul tushrishni ham 50 foizgacha bo‘lgan ehtimol bilan 2-3 yil davomida ijrosi ta’minlanishi mumkin;
  • eng asosiysi, bu hujjatlar bu borada o‘zlari xohlamay, gap-so‘zlardan qochib, ortiqcha xarajat qilayottgan oilalarga ijobiy stimul bo‘ladi.

Qaror va nizom kuchga kirishi bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan holatlar:

  • bunday hujjatlar taraqqiy etgan davlatlar tajribasida uchramasligi, demokratik tamoyillar va asosiy qonunimizning prinsiplariga to‘la mos emasligi, odatda bunday hujjatlar arzon populizm mevasi ekanligi ijtimoiy faol qatlamda shubha uyg‘otadi;
  • mazkur hujjatlarni qabul qilishga asos deb keltirilayotgan ijtimoiy masalalarni bartaraf etishning boshqa usuli va muqobil varianti bo‘la turib, shunday hujjat qabul qilingani hamda uning ijrosini ta’minlashni imkoni yo‘qligining ob’yektiv va sub’yektiv sabablari yuzaga kelishi bilan aholini parlament, u qabul qilayogan hujjatiga nisbatan ishonchi pasayadi;
  • vaqt o‘tishi bilan hujjatlarda ko‘tarilgan asosiy muammolarni bartaraf etish inson ongi tafakkuri, dunyoqarashi va jamiyatning bozor iqtisodiyoti sharoitiga to‘la moslashmaguncha hal bo‘lmasligi bilan baholanishi oydinlashib qoladi;
  • shusiz ham rivojlanayotgan xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga salbiy ta’sir etadi;
  • to‘yxona va tadbirlar o‘tkazuvchi boshqa ob’yektlar uchun ijara va boshqalarning narxi ishtirokchilar soniga muvofiq bo‘lmagan tarzda ortishiga sabab bo‘ladi;
  • san’atkorlarga sarflanadigan mablag‘da ko‘zlangan maqsadga erishilmaydi, narxda tushish ko‘zatilmaydi, bilaks ortadi;
  • o‘ziga juda to‘q ayrim oilalarning to‘y xashamini chet davlatlarda o‘tkazish holatlari shakllanadi. Bu esa, valyutani chetga chiqishi yoki o‘zgalarning xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga ma’lum ma’noda ko‘maklashish demakdir;
  • MFY, Ichki ishlar organlari, transportga mas’ul va soliq organlaridan belgilanayotgan mutasaddilar va tadbir o‘tkazayotgan shaxslar o‘rtasida korrupsiya holatlari kelib chiqadi. Bu borada qo‘shni davlatda birgina qishloq hududi misolida bir yilgi oldi-berdilar mayda-chuyda to‘y mahsulotlaridan tashqari 6-10 ming dollarni tashkil etadi. Demak, jarayonda korrupsiya holatlari shakllanishini ehtimoli katta.

Tarixdan ma’lumki, bu kabi qarorlar ham bir necha bor qabul qilingan, lekin natija bermagan.

Isrofgarchilik, shuhratparastlik, dabdababozlik, ortiqcha sarf-xarajatlar, ko‘rpaga qarab oyoq o‘zatmaslik va hok. kabilar jamiyatimizdagi illatlar sanaladi. Lekin, pul-mablag‘ topish qay darajada tadbirkorlik, ishbilarmonlik,tadbirli kishlarga xos holatlar hisoblansa, uni o‘z o‘rnida aql bilan sarflash ham tadbirkorlik, ishbilarmonlik, tadbirliylik belgisidir. Afsuski, Olloh barchani birdek qobiliyat va bir xil o‘y-fikr yuritadigan etib yaratmagan...

Xulosa shuki, jamiyatda shakllangan axloq qoidalari axloq normalari bilan tartibga solinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yana kim biladi deysiz...

PS: Yuqoridagilar qarorni o‘qigandan keyingi shaxsiy mulohazalarim xolos.

To‘ylar muborak!

Nuriddin Murodov, huquqshunos

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring