Qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruv qanday tartibda bekor qilinadi?
Bugun, 17-may kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman ichki ishlar boshqarmasida qidiruvdagi shaxslarni Vatanga qaytarish, buni ularning yaqinlariga, oila a’zolariga tushuntirish ishlari olib borilgani haqida xabar bergan edik.
Unda Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyev, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev, boshqa mas’ul shaxslar, ota-onalar, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan edi.
— Qidiruvda yurgan fuqarolar jinoyati bo‘yicha bir necha turlarga bo‘linadi, — dedi S.Berdialiyev. — Birinchisi, ular sodir etgan jinoyat amnistiyaga tushishi mumkin. Bu yerda yig‘ilganlarning ko‘pchiligi farzandi, yaqini nimada ayblanayotganini bilmaydi. Kimnidir pulini olib qo‘ygan ekan, shunga qidirishyapti, nimada ayblanayotganini bilmayman, degan gaplarni juda ko‘p eshityapmiz. Shuning uchun, tuman tergov bo‘limi boshlig‘i, yig‘ilishdan keyin bu yerga kelgan barcha odamlarga ayb e’lon qilish qarorlaridan nusxa olib bering.
S.Berdialiyevning tushuntirishicha, 3-5 yilgacha jazo beriladigan jinoyatlarning 90 foizi amnistiyaga tushishi ehtimoli yuqori. Agar gumondor shaxs ushbu jinoyatni sodir etganidan pushaymonligini bildirsa, prokuratura yoki ichki ishlarga ariza yozishi kerak.
— Biz sizlarga ayb e’lon qilish qarori va arizaga namuna beramiz. Siz chet elda yurgan qarindoshingizga ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning nusxasini yetkazasiz. Fuqaro ariza namunasi va qaror nusxasini olib, o‘zi yurgan joydagi notarial idoraga (yoki ichki ishlar idoralariga) boradi. Chet eldagi barcha notariuslar ushbu tartibdan boxabar. Qidiruvdagi gumondor amnistiya uchun ariza yozadi va uni notariusga tasdiqlatib, bizga yuboradi. U fuqaro bu yerga kelishi ham shartmas, biz o‘zimiz amnistiyaga tushirib, qidiruvni yopamiz.
Uning ta’kidlashicha, amnistiyaga tushmaydigan jinoyatlar ham bor. Bular og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘lib, gumondor fuqaro amnistiyaga tushmaydi, lekin pushaymonlik arizasini yozib, kechirim so‘rasa, u shartli ravishda erkinlikka chiqarilishi mumkin. O‘ta og‘ir jinoyatlarga Suriyadagi harakatlarda qatnashish yoki qasddan odam o‘ldirish kiradi. Sud odatiy tarkibda davom etaveradi, gumondor sudga uyidan qatnayveradi. Agar jinoyati isbotlansa, aybiga yarasha jazo oladi, ammo ungacha Vatanga, oilasi oldiga qaytadi.
— Ko‘pchilik qo‘rqadi, qaytsam, qamab qo‘yishadi, deb o‘ylashadi. Hurmatli ota-onalar, sizlarni bu yerga yig‘ishimizdan maqsad ham shu, farzandlaringizga aytinglar. Sizlar o‘g‘lim qaytsin degan mazmunda ariza yozib bersanglar, biz ularni qamamaymiz, oilasi bag‘riga qaytadi. Bunga va’da beramiz! — dedi shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari.
S.Berdialiyevning qayd etishicha, prokuratura organlariga nisbatan ishonch yanada ortishi uchun ota-ona arizasi bilan ayb e’lon qilish qarorlari bekor etilib, qidiruv oldindan yopib berilishi ham mumkin. Shunda chet elda yurganlar bemalol oilasiga qayta oladi. «Muhimi, fuqarolarimiz chet elda qiynalib, xor bo‘lib yurmasin», deydi u.
— Endi yana bir muhim gap ham bor. Ayrimlar turli oqimlar ta’siriga tushib, qidiruvga berilgan bo‘lishi mumkin, ularniyam kechiramizmi? Albatta, buning ham ilojini qilamiz. Faqat oldin yaxshilab o‘rganamiz, Suriyaga borganmi-bormagan, qo‘li qonga botganmi-botmagan, agar bunday belgilar chiqmasa, ularga nisbatan ham qidiruvni yopib berishimiz mumkin. Muhimi, shu oy oxiriga qadar xorijda yurgan vatandoshlarimizni iloji boricha tezroq qaytarishimiz kerak. Hurmatli ota-onalar, bunda biz bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz, — deya gapini yakunladi S.Berdialiyev.
Tadbirda necha yillab farzandini ko‘rmagan mushtipar onalar so‘z oldi, ko‘zlari to‘la yosh bilan farzandini qaytarishda yordam so‘radi. Ko‘pchilik o‘sha yerning o‘zida kerakli arizalarni yozib, birinchi qadamni ham tashladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter