Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryolik askarning o‘limiga doir tafsilotlar ochiqlandi (video)

Surxondaryodagi harbiy qismda xizmat o‘tayotgan askarning yuragida hilpillab turuvchi tromb aniqlangan.

«Ushbu tromb istalgan vaqtda qon-tomirlarga tiqilib qolishi va buning oqibatida to‘satdan o‘lim holati yuz berishi mumkin edi», deydi Mudofaa vazirligi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahadov.

Uning qayd etishicha, ushbu askar ixtisoslashtirilgan davolash va tekshirish usullarini amalga oshirish uchun 11 noyabr kuni Termiz harbiy gospitalidan Toshkent shahridagi Markaziy harbiy klinik gospitalga ko‘chirib o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida unda yurakning o‘ng bo‘lmachasida hilpillab turuvchi tromb paydo bo‘lgani aniqlangan.

«Men o‘zim shu askarning kasalligi bo‘yicha mutaxassisman – 18 yillik ish tajribasiga ega anesteziolog-reanimatologman. Bu sohani mukammal bilaman. Bizda ishlaydigan kardiojarroh – yurak-qon tomir jarrohi tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov to‘rtta klinikada ishlaydi. Jumladan, Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, shu bilan birga xususiy klinikalarda, jumladan, bizda ham konsultant bo‘lib faoliyat ko‘rsatadilar. Askar yigit xususiy klinikada operatsiya qilinganining sababi shu.

Operatsiya stoliga olingandan keyin ko‘krak qafasini ochganda o‘sma borlishi ma’lum bo‘ldi. Bu hosila qachon paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin. U harbiy xizmat davomida rivojlanib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Operatsiya paytida o‘sma yurak qon-tomirlariga, organizmning yuqori qismlariga o‘sib kirib, chirmashib ketgani ko‘rindi, u olib tashlangandan keyin yurakka yo‘l ochildi va yurakning o‘ng bo‘lmachasida bemorning hayotiga xavf solib turgan tromb olib tashlandi.

Biz o‘zimiz ham bemorimizning hayotini saqlab qolishga judayam xayrixoh edik. Ahvoli yaxshilanganidan so‘ng uni o‘zimizning harbiy tibbiyot muassasamizga olib kelmoqchi edik. Biroq operatsiyaning ertasiga ertalab soat sakkiz atroflarida to‘satdan yurak faoliyati to‘xtagan. Bemorga qilingan reanimatsion tadbirlar natija bermagani sababli biologik o‘lim qayd etildi», deydi Bahodir Abdulahadov.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoda harbiy xizmat o‘tayotgan askar shoshilinch operatsiya keyin vafot etgani xabar qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring