Qarshidagi hangoma: «osmondan tushgan» 274 million so‘m qarz
Qarshi shahri Parvoz mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi 54 ta xonadonga nisbatan elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz hisoblangan 274 million so‘mdan ortiq qarzdorlik sud asosida bekor qilindi.
Gap shundaki, ushbu uylarda joylashgan xonadonlar elektr to‘lovlarini 50 foiz miqdorda to‘lashi belgilangan bo‘lsada, ularga 100 foizlik tarif qo‘llangan.
Iste’molchilarning murojaatida qayd etilishicha, ushbu xonadonlar elektr plitalari bilan jihozlanganligi sababli elektr ta’minoti korxonasi bilan belgilangan tarifning 50 foizini to‘lash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan va to‘lovlar ham shu miqdorda amalga oshirib kelingan. Biroq shunga qaramasdan elektr idorasi iste’molchilar bilan yangi shartlar asosida shartnoma tuzmasdan yoki shartnomaga o‘zgartish kiritmasdan 50 foiz to‘lanmagan elektr energiyasi uchun asossiz qarzdorlik va qarzdorlik nisbatan penya hisoblagan.
Oqibatda ushbu xonadonlar elektr ta’minoti korxonasidan 274 million 661 ming so‘m qarz bo‘lib qolgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari»ning 152-bandida «Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi ushbu tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida to‘lanadi» deb ko‘rsatilgan.
Noqonuniy hisoblangan qarzdorlikni bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritildi. Eng qizig‘i, javobgar tomon sud majlisida ishtirok etmadi. Sud esa ishni sirtdan ko‘rib chiqdi va iste’molchilar xonadonlariga nisbatan asossiz hisoblangan 274 million 661 ming so‘m qarzdorlikni bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qildi.
Shuningdek, davlat bojlari ham javobgardan undiriladigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter