Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi shahrining sobiq hokimi qayerda? Viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi

Qarshi shahrining sobiq hokimi qayerda? Viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi

Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilovga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan  kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, Jamshid Fozilov 2016-yil 9-iyulidan 2019-yil 26-oktyabriga qadar Qarshi shahri hokimi lavozimida ishlab kelishi davomida o‘ziga berilgan mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni amalga oshirgan.

«(J.Fozilov) O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga zid ravishda ularni noto‘g‘ri talqin qilish orqali davlat zaxirasidagi yerlarni va boshqa mulklarni, go‘yoki o‘zining shaxsiy mulki sifatida tasarruf etishni maqsad qilib, g‘araz  va boshqacha past niyatlarda Qarshi shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish doimiy komissiya a’zolari, shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari U.Avazov, shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Sh.Buxarov, shahar bosh arxitektori Sh.Bo‘ronov, Davlat kadastrlari palatasi Qarshi shahar filiali boshlig‘i M.Xushov va boshqalar bilan Qarshi shahri hududidagi yer maydonlari va boshqa infratuzilma obyektlarini noqonuniy ravishda soxta hujjatlar asosida berish haqida oldindan jinoiy til biriktirib, 2018-2019-yillar davomida 54 ta holatda umumiy qiymati 60 mlrd. 512 mln. bo‘lgan jami 463.212,13 kvadrat metr yer uchastkalarini jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘z kuchini yo‘qotgan Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki qaror qabul qilishda asos bo‘lmagan boshqa soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib tayyorlangan dalolatnomalarga asosan, auksion savdolari o‘tkazmasdan, noqonuniy yer ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish orqali talon-toroj qilinishiga sababchi bo‘lgan» — deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 20.10.2022-yildagi ajrimiga ko‘ra, JPKning 242-2-moddasiga asosan viloyat prokuraturasi tomonidan  kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

«Sudning mazkur ajrimiga nisbatan Qarshi shahar prokurori tomonidan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasiga apellyasiya tartibida protest keltirildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining yakuniy to‘xtamidan keyin jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildiriladi», — deyiladi prokuratura rasmiy munosabatida.

2022-yilning aprel oyida Qarshida katta miqdordagi noqonuniy yer sotish ayblari qo‘yilib, 7 nafar mansabdorga jinoiy ish ochilgani haqida xabar bergandik. Keyinroq ushbu ish yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrining sobiq va amaldagi hokimlari ayblanib, qamoqqa olinganligi haqida xabarlar tarqalgan, o‘sha xabarlarga Qashqadaryo viloyat prokuraturasi izoh berarkan, jumladan, Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov ayblanuvchi sifatida jalb qilinmaganini ma’lum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring