Qadr kechasini qanday o‘tkazish kerak?
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qadr kechasida qanday amallar qilish, uni qanday o‘tkazish bo‘yicha maqola e’lon qilgan. Quyida uni havola etamiz.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi Qadr kechasi bugun, 27 aprel chorshanbadan 28 aprel payshanbaga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi.
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Qadr kechasida imon-e’tiqod bilan Alloh taolo roziligi uchun toat-ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi», deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Muborak kechaga yetib, unda beriladigan mukofotlardan bahramand bo‘lish har bir musulmonning orzusi. Shunday ekan, bu fazilatli tunni qanday o‘tkazamiz? Avvalo, kechani tetik holatda o‘tkazish uchun peshindan so‘ng biroz mizg‘ib oling, iftorda ham yengil taomlaning. Qadr kechasini manfaatli o‘tkazish uchun quyidagi tavsiyalarga diqqat qiling.
Istig‘for ayting. Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: «Farishtalar shu kecha yerdagi turli-tuman toat-ibodatlarni ko‘radi va gunohkor bandalarning mag‘firat so‘rab, yolvorib iltijo qilayotganlarini eshitadi hamda bir-biriga: «Kelinglar, Rabbimizga bizning tasbehlarimizdan ko‘ra sevimli bo‘lgan ovozlarni eshitamiz», deb yerga tushadilar». Demak, shu kungacha qilgan gunohlaringiz uchun chin dildan tavba qilib, hidoyat so‘rab duo qiling.
Qur’on o‘qing. Allohning kalomini o‘qish, tinglash, o‘rganish va unga amal qilish zaruriy ishdir. Kalomulloh ayni shu kechada ummatga nozil bo‘ldi. «Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik» (Qadr surasi, 1-oyat).
Qurbingiz yetganicha Qur’on o‘qib, tadabbur qiling. Oyatlar borasida fikr yuritib, Alloh taolo ularda iroda etgan mazmunlarni anglashga va fahmlashga harakat qiling.
Namoz o‘qing. Savobi ulug‘ tundan unumli foydalanib, nafl namozlarini o‘qib olishga harakat qiling. Muhimi, namozning adadi emas, balki chin ixlos bilan o‘qilganidir.
Salavot ayting. Qadr kechasida Payg‘ambarimiz alayhissalomga salavot aytish bilan bandaning gunohlari o‘chiriladi, darajasi ko‘tarilib, duolari ijobat bo‘ladi. Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robi’aning otasi bunday degan: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning «Kim menga salavot aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salavoti barobarida salavot aytib turadilar. Banda salavotni xohlasa, oz aytsin, xohlasa, ko‘p”, deganlarini eshitdim».
Duo qiling. Qadr kechasida qilingan duolar ijobat bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu kunda maxsus duoni o‘qishni tavsiya qilganlar. Oysha onamiz roziyallohu anho: «Yo Rasululloh, agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam, nima deb duo qilay?» deb so‘radilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar: «Allohumma, innaka a’fuvvun, kariymun, tuhibbul a’fva, fa’fu a’nniy» («Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin») (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, o‘zingiz va zurriyotlaringizning ikki dunyo saodatiga erishishi, Alloh taoloning sevimli bandalari qatorida bo‘lishni so‘rab ixlos bilan duo qiling.
O‘zingizni isloh eting. Xato, kamchiliklaringizni bartaraf qilish yo‘llarini o‘ylang. Xulqingiz va nafsingizni taftish etib, ijobiy tomonga o‘zgartirishni maqsad qiling.
Alloh taolo ushbu oyda tutayotgan ro‘zalarimiz, o‘qiyotgan taroveh namozlarimiz, qilayotgan iftorliklarimiz, sadaqotu ehsonlarimizni O‘z dargohida qabul etib, Qadr kechasining savoblaridan bahramand bo‘lishni barchamizga nasib aylasin».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter