Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qadimiy dara sirlari. Nima uchun ajdodlarimiz bu yerni maskan tutgan?

Qadimiy dara sirlari. Nima uchun ajdodlarimiz bu yerni maskan tutgan?

Sarmishsoy darasiga kirganingiz hamono nima uchun ajdodlarimiz bu joyni maskan tutganiga tushunib yetasiz. Dara havosi toza, tik cho‘qqilari esa ming yillar avval qoldirilgan petrogliflar bilan to‘la. O‘n mingdan ortiq qoyatosh suratlari ajdodlarimiz hayotidan so‘zlaydi.

Bir vaqtlar to‘lib-toshib oqqan, xozir esa kichik irmoq darajasiga tushib qolgan soy suvi esa juda mazali. Bu suv yozning jaziramasida muzdek, qishning qahratonida esa iliq tuyuladi. Bunday joyda 10 ming yil oldin emas, xozir ham yashashni istaydi odam.

Turizmda turli yo‘nalishlar bor – tarixiy, ekstremal, eko turizm. Sarmishsoy darasi esa mana shu sohalarning barchasini o‘zida jamlay oladi. Bu yerda 7 ming yillik tarix bilan ham yuzlashasiz, tabiatdan bahra olib, turli sarguzashtlarni ham boshingizdan o‘tkazishingiz mumkin.

Turizm va sport vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi hamda viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi hamkorligida ommaviy axbort vositalari uchun tashkil qilingan info-tur davomida sohaning oldi mutaxassislari jurnalistlarga petrogliflar haqida so‘zlab berishdi.

Yer yuzidagi eng katta tosh «san’at galereyasi»

Navoiy shahridan 40 km.cha uzoqlikdagi Qoratog‘ tog‘ining janubiy yonbag‘ridagi Nurota tog‘larida joylashgan Samishsoy darasiga aynan shunday ta’rif beriladi. Uzunligi 2,5 km.ga cho‘zilgan bu darada 10 000 ga yaqin tosh qoyalarga o‘yib chizilgan petrogliflarni ko‘rishingiz mumkin.

Ushbu petrogliflar ilk marotaba qachon Sarmishsoy darasining qoyatoshlarida paydo bo‘lganligi nomalum. Buqa turlarining eng qadimiy tasvirlari esa miloddan avvalgi VII-II ming yillikda yaratilgan. Bu yerdagi sak-skif qabilalarining hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan dastlabki temir davri (miloddan avvalgi IX-II asrlar) kiyik, arxar, tuyalar, otlar va chavandozlar tasvirlari, ov manzaralari va marosimlari bilan ifodalanadi. Sarmishsoy tabiiy - arxeologik majmuasi muzey qo‘riqxonasiga aylantirilgan bu manzilgohni «tosh kitob» va «ochiq osmon ostidagi tosh ensiklopediya» ham deyish mumkin.

Petrogliflarni uzoq kuzatib tursangiz, dara sokinligi bilan uyg‘unlashib, o‘sha davrlar hayotiga tushib qolasiz go‘yo. Tosh asarlarda tasvirlangan olovning kashf etilishi, yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish davrlari, chorvachilik madaniyati tarixi va ov jarayonlari birma-bir ko‘z oldingizdan o‘taveradi. Ana shunda bu tasvirlar shunchaki suratlar emas, haqiqiy san’at asarlari ekanligiga amin bo‘lasiz.

To‘kin hayot

Toshlarga o‘yib ishlangan, ba’zilari oxra asosida bo‘yalgan tasvirlardan ma’lum bo‘ladiki, bu darada bir paytlar to‘kis hayot uchun barcha sharoitlar bo‘lgan. Kiyik, arxar, tuyalar, yovvoyi buqalar, otlar va chavandozlar tasvirlari, ov manzaralari va marosimlar aks etgan suratlar bu fikrlarni tasdiqlab turibdi. Raqs sahnalari esa o‘sha davrlarda ham musiqa bo‘lganligi, bu hududda madaniyat rivojlanganligiga ishora qiladi.

Olimlarning fikricha, har bir petroflif 1-10 kun orasida chizilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa barcha hayot tashvishlaridan ortib, bu yerlik aholi toshga suratlar chizishga ham vaqt topa olganliklaridan dalolatdir.

Bundan tashqari

Mazkur tabiatni muhofaza qilish zonasida petrogliflardan tashqari, qadimiy g‘or rasmlari, toshlarni qayta ishlash ustaxonalari, shaxtalar, aholi punktlari, dafn etish joylari, tepaliklarni o‘z ichiga olgan manzillar ham bor. Shuningdek, Sarmishsoyning o‘simlik va hayvonot dunyosi ham juda ajoyib va xilma-xildir. Bu yerda o‘suvchi 650 dan ortiq o‘simlik turlari ro‘yxatga olingan. O‘rta Osiyo kobrasi, burgutlarning bir nechta turlari, qora tulpor va Qizilqum tog‘ qo‘ylari kabi hayvonlar O‘zbekistonning «Qizil kitobi»ga kiritilgan.

U yerni qanday topib boramiz?

Sarmishsoyga borish uchun Navoiy shahridan har shanba va yakshanba kunlari qatnaydigan mikroavtobuslar bilan «Sarmish» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga kelasiz. Ryukzagingizga yegulik, suv va boshqa kerakli ash’yolaringizni solib, buyog‘iga piyoda yurib borasiz. 3,5 chaqirim yursangiz, o‘sha sirli va sokin dara qarshingizdan chiqadi. Qoyalarda o‘z xavfsizligingizga e’tiborli bo‘ling. Yana bir iltimos, sayohatga chiqasizmi yoki ziyoratga o‘zingizdan atrof-muhitga chiqindi qoldirmang. Barcha madaniy boyliklar-u, ekologiyamizni kelajak avlodga o‘z holicha yetkazaylik. Sarmishsoy sizlarni kutmoqda!

Safari turizmi

Sarmishsoy rang-barang Navoiy ekstremal va eko turizmi uchun birgina misol edi, xolos. Yuzlab kilometrlarga cho‘zilib ketgan qum-barxanlar, sahrolar bag‘rida yangidan tashkil etilgan cho‘l (safari) turizmi ham viloyatda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Konimex tumani markazidan 60 km uzoqlikda joylashgan «Camel travel» dam olish maskani bunga birgina misoldir. Bu yerda tuya sutidan ichib, o‘tovlarda tunab, gulxan atrofida baxshi ijrosidagi xalq qo‘shiqlarini tinglash imkoniga ega bo‘lasiz. Info-tur tashkil etilgan kun mazkur manzilgohda germaniyalik sayohlar dam olishayotganining guvohi bo‘ldik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring